Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov majburiy mehnat avvallari vatanparvarlik deb hisoblanganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy soha xodimlari va talabalarni dala va obodonlashtirish ishlariga jalb qilish hamda xo‘jako‘rsin ishlariga chek qo‘yishga bag‘ishlangan yig‘ilishda hukumat rahbari xalq ta’limi vaziri hamda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni tashabbus ko‘rsatmaslikda aybladi.

«Shuncha muammo yig‘ilib qolishiga qaramay, soha rahbarlari bo‘lgan vazirlarimiz ham ushbu muammolarni bartaraf etish o‘rniga kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribdi. Xalqimizning ko‘p yaxshi maqollari bor — „Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi“, deydi. Mana, xalq ta’limi vaziri janob Ulug‘bek Inoyatov, nimaga shu kungacha bu borada aniq bir chora ko‘rilmagan? Yoki bo‘lmasa taklif kiritmagan? Ish beruvchi sifatida ham nima uchun birorta o‘qituvchining manfaatini himoya qilib chiqmagansiz? Ta’lim-tarbiya mazmuni, uning sifatini qachon yaxshilaysiz? Agar o‘qituvchilaringiz shu tarzda obodonlashtirish ishlariga jalb etilaversa, sifatni oshirish bo‘yicha qachon bir natijaga erishishimiz mumkin bo‘ladi?» — deya so‘radi bosh vazir.

XTV rahbari unga ushbu masalada «rahbar sifatida bu borada jur’at, qat’iyat yetishmagan», deya tan oldi. «Bir xayrixoh bo‘lib, bu narsani vatanparvarlikka ham yo‘yib, shu ishlarga birgalikda chiqish masalasida o‘zim ham tepasida turganman. O‘sha vaqtda siyosatimizning o‘zi ham shunga mos edi. Chunki biz ziyolilar bu jarayonda qatnashmasak, o‘zimizni chetga olib tursak, bu ham bizning jamiyatdagi o‘zgarishlarga bizning munosabatimiz sifatida qaralgan», — dedi u.

Ulug‘bek Inoyatovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 675 ming nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda va u ularning barchasiga yetib bora olmaydi. «Lekin ularga huquqlari, mehnat qilish huquqi, qonuniy va noqonuniy mehnatning farqi to‘g‘risidagi tushunchalarni berib boramiz, seminarlar tashkil qilamiz. Bugundan xulosa chiqardik, o‘zimizning kollegiyada ham, yig‘ilishlarimizda ham bu masalani yetkazib, har bir xodimning o‘z huquqini himoya qilish masalasini yetkazib qo‘yamiz», — dedi vazir.

«To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, bunday o‘zgarishlarga (Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostidagi — tahr.) moslasha olmadik, — deya davom ettirdi u. — Shuning oqibatida mana shu holatlar (Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchining yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida qolib halok bo‘lganini nazarda tutmoqda — tahr.) kelib chiqdi».

«Samarqanddagi holat bo‘yicha shaxsan o‘zib borib, bu masala bo‘yicha shug‘ullanganimda ma’lum bo‘ldiki, bu hammasi og‘zaki-og‘zaki topshiriqlarga aylanib ketgan, lekin hech kim qog‘ozda bunday topshiriq bergan emas. Xalq ta’limi bo‘limi mudiri, bo‘yniga olib: „Men og‘zaki topshiriq bergandim“, deb o‘zi tan olib, ariza yozib bergach, o‘sha kuni ishdan olindi. Maktab direktori ham joyida bo‘lmagan, direktor o‘rinbosari o‘sha yo‘nalishga chiqarib yuborgan», — dedi vazir.

Ulug‘bek Inoyatov XTV xodimlar bundan buyon ham jamoat ishlariga jalb qilingudek bo‘lsa, bu qonuniy asosida bo‘lishini ta’minlash, agar rostdan ham qatnashadigan bo‘lsa, daromad ko‘rishlari uchun shartnomalar tuzgan holda bu jarayonda qatnashishlari bo‘yicha ish olib borishga va’da berdi.

Abdulla Aripov 675 ming nafar xodimga shaxsan yetib bora olmasligi haqidagi so‘zlari uchun Ulug‘bek Inoyatovga tanbeh berdi. «To‘g‘ri, 675 ming kishi ko‘p, lekin „ularning hammasiga yetib bora olmayman“ deyish o‘rinsiz. Vazir nazoratda ushlab turishi kerak, aks holda bu qanaqa rahbar bo‘ladi?» — dedi hukumat rahbari.

Abdulla Aripov oliy ta’lim muassasalari talabalari ham majburiy mehnatga jalb etilayotganini ma’lum qildi. Oliy ta’lim muassasalarining 2017−2018 yillardagi holati tahlil qilinganda, respublika bo‘yicha ko‘cha supurish ishlariga 17 ming nafar, ariq tozalash ishlariga 4000 nafar, buzish-qurilish ishlariga 7000 nafar, dala ishlariga (chopiq, chekanka, yig‘im-terim), 23 ming nafar talaba va o‘qituvchilar oliy ta’lim muassasalaridan majburan jalb etilganligi aniqlangan.

Hududlar kesimida eng ko‘p Qoraqalpog‘istonda — 9000 nafardan ortiq, Andijon viloyatida — 8500 nafar, Jizzax viloyatida — 5000 nafar, Namangan viloyatida — 2600 nafar, Toshkent viloyatida — 5500 nafarga yaqin talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb etilgan.

Xalq ta’limi vaziri va sog‘liqni saqlash vaziri hamda mahalliy hokimiyat organlarining bir qator rahbarlari o‘z faoliyatiga kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun xayfsan oldi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatga ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etish hamda xo‘jako‘rsin holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish vazifasini topshirganini ma’lum qilgan edi. Prezident yaqinda Sirdaryo viloyatiga safari vaqtida ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni davlatga xiyonat qilishga tenglashtirib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishidan ogohlantirdi.