O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bosh vazir Abdulla Aripovdan majburiy mehnat masalasida mahalliy hokimliklarni himoya qilgani uchun jiddiy ogohlantirish oldi.

Avval xabar qilinganidek, 17 aprel kuni hukumat rahbari prezident topshirig‘i bo‘yicha ijtimoiy soha xodimlari va talabalarni dala va obodonlashtirish ishlariga jilb etish, shuningdek xo‘jako‘rsin ishlarga chek qo‘yishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va Sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek qator mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari yig‘ilishda xayfsan oldi.

«Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, siz ushbu masalada qachon viloyatlar hokimlari bilan gaplashdingiz? Suhbatlashdingizmi yoki yo‘q?» — de so‘radi Abdulla Aripov. Alisher Shodmonov qisqa javob berdi: «Yo‘q».

Bosh vazir davom ettirdi: «Prezident sog‘liqni saqlash sohasida qancha islohotlar o‘tkazmoqda. Nima uchun „katta odamlar“ — hokimlar bilan odamlarni ishga jalb etish haqida gaplashmadingiz?. Nima uchun menga yoki kuratorga — bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalovga kelib hokimlarga ta’sir ko‘rsatolmasligingizni aytib, choralar ko‘rishni so‘ramadingiz?»

Qahramon Akmalov bu masala na vazirlik, na birorta hokimlik tomonidan ko‘tarilmaganini tan oldi.

«Internetda u-bu chiqadi, chora ko‘r, deyiladi. Nima ko‘rildi, deydi, pastdan: „Chora ko‘rildi“, deb spravka yozib beradi, shu bilan: „Ha, chora ko‘rilibdi-ku“, deb tinchiydi. Hatto selektor yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayonida majburiy mehnat holatlari bo‘yicha: „Holat bormi, fakt bormi?“, deb Sog‘liqni saqlash vazirligidan so‘rasak, „Bizning tizimda bunday holat yo‘q“, deydi. „Qayerdadir kimdir kimnidir jalb qilayotgandir balki, lekin sog‘liqni saqlashdan biror bir odam jalb qilingani yo‘q“, deydi», — deya ma’lum qildi Abdulla Aripov.

Alisher Shodmonov bosh vazirning so‘zlarini tasdiqladi: «Haqiqatan ham men rahbar sifatida shu masalaga e’tibor bermaganman va nazoratga olmaganman».

«Muhtaram Prezidentimiz Sayxunobod tumanida o‘tkazgan yig‘ilishidan so‘ng ertasiga Jizzax viloyatida butun soha vakillarini, rahbarlarini to‘plab, deputatlar, kasaba uyushmasi, jamoatchilik ishtirokida hokimiyat vakillari bilan birgalikda yig‘ilish o‘tkazdik», — dedi u.

«19 aprel kuni soat 14:00 da bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalov boshchiligida butun respublika bo‘yicha selektor o‘tkazishni rejalashtirdik. Shu bilan bir qatorda har bir boshqarmamizda va vazirlikda nazorat guruhlarini tashkil etdik. Ishonch telefonlariga xabar berish tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz. Har bir rahbarimiz va xodimlarimizning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borishimiz kerak», — dedi vazir.

Alisher Shodmonov ijtimoiy soha, ayniqsa, tibbiyot xodimlarini bunday noqonuniy ishlarga jalb etishdan qalqon bo‘lib, to‘siqlarni qo‘yib berayotgani uchun prezident va bosh vazirga minnatdorchilik bildirdi. «Bu borada ortiq bunday xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beraman», — dedi SSV rahbari.

Bosh vazir unga shunday javob qaytardi: «Mahalliy hokimiyat organlariga advokatlik qilishni yig‘ishtirib qo‘yasiz. Tushundingizmi? Sizni ogohlantirib qo‘yaman. Agar shunaqa fakt bo‘ladigan bo‘lsa, sizga boshqacha chora ko‘riladi. Siz o‘z qo‘l ostingizda ishlayotgan xodimlarga advokat bo‘lishingiz kerak. Mahalliy hokimiyat organlarining yonini olib, ularga gap tegmaydigan qilish yoki ular bilan munosabatni buzib qo‘yishdan qo‘rqib yashaydigan bo‘lsangiz, ish ketmaydi unda».