O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatga majburiy mehnat bilan bog‘liq har bir holatni prokuratura organlari va boshqa huquq-tartibot tuzilmalari bilan birgalikda favqulodda holat sifatida o‘rganib chiqish vazifasini topshirdi.

Bu haqda seshanba kuni ijtimoiy soha xodimlari va talabalarni dala va obodonlashtirish ishlariga jalb qilishni taqiqlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan e’lon qilindi.

«O‘zlaringizning noto‘g‘ri xatti-harakatlaringiz bilan, siz rahbarlar, ijro hokimiyati amalga oshirayotgan siyosatga, yanada aniqrog‘i davlat rahbari siyosatiga ulkan salbiy ta’sir ko‘rsatayapsizlar», — dedi hukumat rahbari.

Adbulla Aripov mamlakat prezidenti BMT Bosh Assambleyasining sentyabrda bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida nutq so‘zlar ekan, O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilganini ma’lum qilganini eslab o‘tdi. Shunga qaramasdan, ijtimoiy soha, ayniqsa sog‘liqni saqlash va ta’lim xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish holatlari saqlanib qolmoqda. Ayrim hududlarda bu rahbarlarning «kasalligiga» aylangan, deya ta’kidladi u.

Bosh vazir majburiy mehnatga jalb etilishi bo‘yicha misollarni keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining noroziligini keltirib chiqarayotgan sabablardan biri qonunchilik va xalqaro me’yorlarning buzilishi hisoblanadi. Fuqarolarning mehnat huquqlarini kafolatlash bo‘yicha maxsus parlament komissiyasining tashkil etilishi ham vaziyatni yaxshilamadi.

Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tumanlarida muntazam ravishda ko‘chalarni tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, daraxtlar o‘tqazish va chiqindilarni tozalash ishlariga maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar xodimlari jalb qilingan.

Ayrim rahbarlar majburiy mehnat orqali moddiy manfaat topadi, dedi Abdulla Aripov. Jumladan, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonov va Andijon hokimi Dilmurod Rahmatullayev yig‘ilishlarda ochiqchasiga ijtimoiy soha xodimlari o‘z mablag‘lari hisobidan qimmatbaho gul va daraxt ko‘chatlarini sotib olishga majbur qilib, aks holda ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgan.

«Bunday ishlar sodir bo‘lib tursa o‘qituvchi va shifokorlar qanday qilib o‘z ustilarida ishlashlari, o‘z sohalarida izlanishlar olib borishlari mumkin? Ta’lim sifatini oshirish va bolalarga bilimlarni yetkazish o‘rniga o‘qituvchilari mutlaqo boshqa ishlar bilan band. Tibbiyot xodimlari patronaj, turli kasalliklar profilaktikasi o‘rniga turli majburiy ishlarga jalb qilinmoqda. Eng qizig‘i, (buni men tushunmayman) — ular tozalash ishlariga oq xalatlarda chiqishadi va keyin ushbu liboslarda kasallarni davolashadi», — dedi Abdulla Aripov.

Xuddi shunday holatlar Gulistonda (Sirdaryo viloyati) ham kuzatilgan. Maktabgacha ta’lim xodimlari muntazam ravishda qabristonlarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan.

Toshkentning Sergeli tumanida bolalar bog‘chalari xodimlariga o‘z pullariga yangi qurilgan uylarni tozalash uchun zarur vositalarni sotib olishga majburlangan.

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida Xalq ta’limi boshqarmasi xodimlari va bir qator umumta’lim maktablari o‘qituvchilari chigit ekish ishlariga jalb qilingan.

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida kasb-hunar kolleji direktorlari qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil etish uchun fermer xo‘jaliklariga biriktirilgan. Kollejlar o‘qituvchilari noqonuniy inshootlarni buzish ishlariga ham jalb etish holatlari kuzatilgan.

Urganch shahri va Urganch tumanidagi 21 ta kollejning barcha o‘qituvchilari uylar devorlari va inshootlarni buzish ishlariga jalb qilinmoqda, dedi bosh vazir.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bo‘linmalari tomonidan yil boshidan buyon o‘tkazib kelinayotgan monitoring natijalariga ko‘ra, mehnat sohasida 10 mingdan ortiq qonun buzilish holatlari qayd etilgan bo‘lib, ularning 30 foizi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalar, 10 foizi esa — tibbiyot muassasalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Abdulla Aripov O‘zbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilgani, biroq ko‘plab hokimlar haligacha ushbu jamg‘armaning ishlash mexanizmlaridan bexabar ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Vaqtincha band bo‘lmagan aholini qurilish, ob’ektlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlarda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratilganiga qaramasdan, ayrim tuman va shaharlar hokimlari, tuman XTB rahbarlari, sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilari «o‘zlarining sadoqatlarini namoyish etish uchun tibbiyot va ta’lim muassasalari xodimlarini ishlashga majbur etishmoqda».

«Yaratilgan barcha sharoitlarga qaramasdan, ular byudjet tashkilotlari xodimlarini majburiy mehnatga jalb etishni tizimga aylantirishdi», — dedi bosh vaziri.

2018 yilda vaqtincha band bo‘lmagan aholini jamoat ishlariga jalb qilish uchun 714 mlrd so‘m ajratilgan. Bugungi kunda birinchi chorakka ajratilgan 140 mlrd so‘mning faqatgina 42,8 milliardi o‘zlashtirilgan.

«Ya’ni 30 foizi ishlatilgan xolos! Qolgani turibdi. Pul bor, lekin bularga byudjet tashkilotlarini olib chiqib ishlatish oson. Bu ko‘p hokimlarning hujjatlar bilan ishlashni yoki Prezident ajratib bergan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana bilmasliklariga yaqqol dalildir!» — dedi hukumat rahbari.

Farg‘ona viloyatida Jamoat ishlari jamg‘armadan ajratilgan 84 mlrd so‘mning bor-yo‘g‘i 5 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan. Xorazm viloyatida birinchi chorakda 40 mlrd so‘m ajratilganiga qaramasdan, jamoat ishlariga 2 mlrd so‘m evaziga 4500 kishi jalb qilingan. Toshkent viloyatida 84 mlrd so‘mdan bor-yo‘g‘i 1 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan.

Bir kun avval prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov Shavkat Mirziyoyev hukumatga ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etish hamda xo‘jako‘rsin holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish vazifasini topshirganini ma’lum qilgan edi.

Prezident yaqinda Sirdaryo viloyatiga safari vaqtida ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni davlatga xiyonat qilishga tenglashtirib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan edi.