Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi 1997 yil oktyabrda tug‘ilgan S. G‘ofurjonovaning tuman FHDYO bo‘limiga nisbatan shikoyat arizasi bo‘yicha yuritilgan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, S. G‘ofurjonova o‘z arizasida ota-onasi ajrashib ketgach tug‘ilgani, ammo shu vaqtga qadar tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olmaganini bayon etib, FHDYO bo‘limiga murojaat qilganida, arizasi rad qilinganini bildirgan. Fuqaro, shuningdek tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘lmagani sababli ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotganini ma’lum qilgan.

Sudda Uchqo‘rg‘on tuman FHDYO bo‘limi vakili S. G‘ofurjonovaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani berish uchun yetarli hujjatlari mavjud emasligi sababli uning arizasi rad etilganligini bildirgan.

Sud taraflar va guvohlarning ko‘rsatmalarini eshitib, ishga qo‘shilgan hujjatlarni atroflicha muhokama qildi. Yakunda aniqlagan holatlarga ko‘ra FHDYO bo‘limi arizachining vajlarini to‘liq o‘rganmagan, u taqdim qilgan Qo‘qon shahar tug‘ruq kompleksining tug‘ilganlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasini inobatga olmagan deb topdi.

Yuqorida bayon etilganlarga asosan S. G‘ofurjonovaning shikoyat arizasi qanoatlantirilib, Uchqo‘rg‘on tuman FHDYO bo‘limi zimmasiga unga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani yozib berish majburiyati yuklatildi.