O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatga ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etish, shuningdek so‘nggi vaqtlarda keng muhokama qilinayotgan ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy mexanizm ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov ma’lum qildi. Brifing televideniye orqali efirga uzatildi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu masalaga to‘xtalib o‘tgan edi. Prezident o‘shanda hududlardagi haqiqiy vaziyatdan xabardor ekanini aytib, joylarda uning tashrifi arafasida xo‘jako‘rsin ishlar amalga oshirilishidan norozilik bildirgan edi. U ijtimoiy soha xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilgan mutasaddilar qattiq jazoga tortilishini, bu nafaqat prezidentga, balki siyosatga qarshi ish ekanini ta’kidlagan.

Komil Allamjonovning ma’lum qilishicha, prezident bunday holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizm yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Topshiriqqa ko‘ra aholini, ayniqsa sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalari xodimlari, talabalarni obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori ishlab chiqiladi. Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham chora-tadbirlar aks etadi. Bunda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi inobatga olinadi.

«Fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash shunday keyin ham qaytarilsa, prezident ta’kidlaganidek, jazo qattiq bo‘ladi. Jumladan, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuratura oldiga ham bir qator vazifalar qo‘ydi», — dedi Komil Allamjonov.

«Shavkat Mirziyoyev samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Hozirda bu hodisa bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda», — dedi u.

Prezident o‘z nutqida joylardagi ko‘zbo‘yamachiliklardan ham qattiq noroziligini bildirdi. Qayd etilgan xo‘jako‘rsin ishlar yuzasidan prokurorlik tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Jumladan Qashqadaryoda yo‘l bo‘ylarida yasalgan soxta issiqxonalar, Jizzaxdagi tibbiyot muassasida eski jihozlar o‘rnatilgani va kasallarni onlayn ro‘yxatga olish dasturi ishlamasligi kabi holatlar tekshiriladi.

Viloyatlarga tashriflar chog‘ida ko‘rsatilgan, jumladan bank rahbarlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni chuqur va tahliliy inventarizatsiyadan o‘tkazish, kamchiliklar aniqlangudek bo‘lsa, keskin choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident yana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki uning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi.

Davlat rahbari bergan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolangani haqida ommaviy axborot vositalari, jumladan Bosh prokuratura huzuridagi Media markaz orqali xabarlar berib boriladi.