Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi qoshidagi Tergov boshqarmasida so‘roq o‘tkazish uchun maxsus tergov majmuasi ochildi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.
Majmua stenografiya, videokuzatuv, tergov jarayonlarini audio va video qayd etish tizimlari, shuningdek Gezella oynasi bilan ta’minlangan.

Majmuada gumon qilinuvchining jabrlanuvchi va guvohlar, jumladan, bolalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini chegaralagan holda so‘roq, shaxsni tanish va boshqa tergov harakatlarini olib borishga imkon yaratuvchi Gezella oynasi bilan o‘zaro bog‘langan maxsus xona tashkil etildi.

Yana bir xona esa bolalar o‘yin maydonchasi ko‘rinishida jihozlangan bo‘lib, bu yerda jinoyatdan jabrlangan yoki unga guvohi bo‘lgan voyaga yetmaganlar so‘roq qilinadi.

So‘roq xonalarida sodir bo‘layotgan jarayonlar real vaqt rejimida operator xonasidagi monitorga uzatilib, operatorlar so‘roq jarayonini kuzatib boradi.
Maxsus xonalarning tashkil etilishi fuqarolarning, xususan voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquq va erkinliklarini sudga qadar ish yurituvda himoya qilishni kuchaytiradi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshiradi, deya qayd etdi IIBB.

Yanvarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida YUNISEF ko‘magida birinchi bolalarga do‘stona sharoit yaratilgan tergov harakatlari xonasi ochilgan edi.