Tehronda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Eron poytaxtida “O‘zsanoateksport” kompaniyasining o‘zbek-eron savdo uyi ochildi, biznes forum o‘tkazildi. Forum yakunlari bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari, dukkakli ekinlar, quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolandi.

Har bir tomondan cheklangan tovar pozitsiyalariga nisbatan imtiyozli bojxona rejimini taqdim etish to‘g‘risidagi ikki tomonlama savdo bitimi loyihasi ko‘ri chiqildi. Yig‘ilish ishtirokchilari hujjat loyihasiga kiritish uchun tovarlar ro‘yxatini shakllantirish hamda kelgusi yig‘ilishni Toshkentda o‘tkazishga kelishib oldi.

Tomonlar O‘zbekiston va Eron Savdo-sanoat palatalari ishtirokida o‘zbek-eron ishbilarmonlik kengashini tashkil etishga ham kelishib oldi. Ushbu kengash har ikki davlatning kichik va o‘rta biznes subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ular faoliyatidagi moliyaviy va yuridik masalalarni hal etishga yordamlashish kabi vazifalarni bajaradi.

Yig‘ilish ishtirokchilari “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon”, “Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” transport yo‘laklari hamda Transafg‘on koridorini ishga tushirishni tezlashtirish bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqdi. Eron tomoni “Mozori Sharif-Xirot” temir yo‘l liniyasi qurilishining davomi hisoblangan “Xaf-Xirot” temir yo‘li qurilishini yakunlash uchun barcha choralarni ko‘rishini ma’lum qildi. Ushbu temir yo‘l liniyasi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovarlar tashish hajmlarini sezilarli darajada oshirib, narx va yetkazib berish muddatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.