Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasi YAIM hajmi joriy narxlarda 64 958,0 mlrd. so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,1 foizga o‘sdi. YAIM deflyatori indeksi o‘tgan yilning shu davridagi narxlarga nisbatan 137,4 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi saytida xabar qilindi.

Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM 1,986 mln so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizga yuqoridir.

Yanvar-martda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha YAIMni ishlab chiqarish quyidagi ma’lumotlar bilan ifodalanadi:

Iqtisodiy o‘sish sur’ati milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish sur’atlari bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat (keyingi o‘rinlarda YAQQ) hajmi YAIM umumiy hajmining 83,8 foizini tashkil etdi va 5,0 foizga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 4,4 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 16,2 foiz ni tashkil etdi va 5,3 foiz darajasida o‘sish qayd etildi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 0,7 f.p.).

YAIM o‘sish sur’atiga xizmatlar sohasi eng katta ta’sir ko‘rsatdi (2,2 f.p.) va bu soha o‘tgan yilning yanvar-martiga nisbatan 4,4 foizga o‘sdi. Jumladan, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 1,1 foiz ga, tashish va saqlash, axborot va aloqa — 7,1 foizga va boshqa xizmatlar — 4,6 foizga o‘sdi.

Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 5,0 foizlik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YAIM mutlaq o‘sish sur’atiga ijobiy ta’siri 1,3 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi o‘sish tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 20,7 foizga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 1,8 foizga va boshqa sanoat tarmoqlarining 5,8 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlandi.

Ko‘p kvartirali turar joy binolari qurilishi, shuningdek sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalari qurilishi va modernizatsiyasi bilan bog‘liq investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar natijasida qurilish tarmog‘ining o‘sish sur’atlari 12,2 foizni tashkil etdi. YAIMning mutlaq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,8 f.p. darajasida baholandi.

2018 yilning yanvar — marti yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ham 1,8 foiz darajasida ijobiy o‘sish sur’ati kuzatildi. Mazkur tarmoqdagi o‘sish sur’ati hisobidan YAIMning 0,1 f.p. o‘sishi ta’minlandi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi o‘tgan yilning birinchi choragidagi 6,5 foizdan joriy yil birinchi choragida 6,3 foizgacha kamaydi. Sanoatning ulushi 29,1 foizdan 34,8 foizga, qurilishning ulushi 7,4 foizdan 7,6 foizga oshdi.

Xizmatlar sohasining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 2018 yilning yanvar-martida 51,3 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davridagiga (57 foiz) nisbatan 5,7 f.p. ga kamaydi.

Birinchi chorakda mulkchilik shakllari bo‘yicha YAIM umumiy hajmining 78,8 foiz iqtisodiyotning nodavlat sektoriga, 21,2 foiz davlat sektoriga to‘g‘ri keldi.