Fransiyaning aviakosmik, harbiy va dengiz sanoati uchun axborot tizimlarini ishlab chiqaruvchi Thales International kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh va sun’iy yo‘ldosh uskunalarini ishlab chiqarish sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturida xabar qilindi.

Kompleks kosmik tizimlar, jumladan turli maqsadlarga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston hududida mahalliy mutaxassislarni o‘qitish uchun Thales International texnologik bazasi tashkil etilishi mumkin.

Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekistonga kosmik texnologiyalardan foydalangan holda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish uchun infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni taklif qildi.

Fevralda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoyishni imzolagan edi. Unda mamlakatda kosmik va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirilgan.

Yil boshida esa Shavkat Mirziyoyev internetga ulanish narxlarini keskin arzonlashtirib, uning tezligini shu yilning oxirigacha eng kamida to‘rt barobarga oshirish, 2020 yilgacha tezlikni MDH davlatlari darajasiga yetkazishni topshirdi.

Fransiyaning Oberthur va Thales kompaniyalari biometrik nazorat asosidagi pasport-viza hujjatlari tizimini yaratishda ishtirok etgan.