O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Adliya organlarini «Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish — demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir» degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydigan professional xizmatga aylantirish ustuvor yo‘nalishlardan deb belgilandi.

Farmonda adliya organlari faoliyatiga, ustuvor ravishda, tanqidiy tahlil va huquqiy muammolarni, avvalo, bevosita joylarda ishlarni samarali tashkil etish yo‘li bilan hal etishga asoslangan, sifat jihatidan yangi mexanizmlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan,"respublika — viloyat — tuman (shahar)" uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etiladi.

Tuman va shahar adliya bo‘limlari hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berish bilan shug‘ullanadi.

Ularning asosiy vazifalari qatoriga tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish ham kiritilgan.

Farmon bilan dliya vazirligining Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tugatildi.

1 iyuldan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga o‘tkaziladi. Ularning huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish, FHDYOning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatiladi.

2018 yildan boshlab adliya vaziri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyoti holati to‘g‘risida har yili Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri, hududiy adliya boshqarmalari boshliqlari har yarim yil yakuni bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga joylarda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati bo‘yicha axborot taqdim etadi.

Farmon bilan Adliya vazirligi xalqaro arbitrajlar va sud ishlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.

Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqiy tadqiqotlar markazi negizida Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etiladi.