O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan mamlakat yo‘llarida o‘lim sonini kamaytirish konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishildi, deya xabar qildi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev.

«Juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan, hozir ular bo‘yicha „yo‘l xaritasi“ tayyorlanmoqda», — dedi vazir o‘rinbosari seshanba kuni Uchtepa aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

U yanvarda Rossiyada 2030 yilgacha yo‘l-transport hodisalari natijasidagi o‘lim sonini nolga qadar kamaytirish bo‘yicha reja qabul qilinganini eslatib o‘tdi. «Bizda ham shunday masala ishlab chiqilmoqda», — dedi IIBB boshlig‘i.

Avvalroq «Gazeta.uz» YTHda o‘lim va jarohatlanish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishiga qaramasdan (2016 yilda 10,2 mingta YTH qayd etilib, ularda 9845 kishi jabrlangan, 2496 kishi halok bo‘lgan), O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida yo‘llarda o‘lim sonini qisqartirish bo‘yicha maxsus dastur yo‘q ekaniga e’tibor qaratgan edi.

Yo‘llarda o‘lim sonini qisqartirish bo‘yicha dasturlarning asosiy tamoyili — o‘lim bilan tugaydigan YTHlarga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. 1997 yilda Shvetsiyada qonunchilik darajasida Vision Zero («Nol o‘lim») dasturi qabul qilingan edi. Dastur muvaffaqiyati uning dunyo bo‘ylab keng tarqalishiga xizmat qildi.

Rustam Jo‘rayev 2018—2022 yillarda mamlakatda Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi loyihasidan o‘rin olgan shaharlar va aholi punktlarida transport vositalarining ruxsat berilgan eng yuqori tezligini 70 km/s dan 60 km/s ga tushirish bo‘yicha taklifga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, cheklov hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda differensiyallashuvi lozim.

Toshkentda shunday uchastkalar borki, u yerda tezlikni 70 km/s dan oshirishga ruxsat berish mumkin, ushbu yo‘llarda odamlar uchun xavf yo‘q. «Shunday joylar borki, 50 km/s gacha, mahallalarda — 30 km/s gacha tushiramiz», — dedi IIBB boshlig‘i.

Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimiyatlari har bir uchastkada qanday tezlik bo‘lishi kerakligini individual hal etishlari lozim, dedi u.

Belgilangan tartiblarga rioya etmaslik muammosini qoidabuzarliklarni qayd etish kameralari orqali hal qilish mumkin, deb hisoblaydi Rustam Jo‘rayev.