Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi o‘qituvchilar 14 mart kuni 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning o‘limiga olib kelgan obodonlashtirish ishlariga jalb qilinganini tan oldi.

Tuman prokuraturasidan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, obodonlashtirish ishlarini o‘tkazishda tegishli choralarni ko‘rmagani uchun 29 mart kuni xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Jumanazarov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i buyrug‘i bilan 42-maktab direktori N.Boltayeva ishdan olingan va direktor o‘rinbosari X.Mamatovga hayfsan e’lon qilingan.

Nazorat organi vakilining tasdiqlashicha, maktab direktori o‘rinbosari direktor topshirig‘i bilan o‘qituvchilarning obodonlashtirishga olib chiqilishini tashkillashtirgan.

Maktab direktori O‘zbekiston mehnat kodeksining 177-moddasini buzgan deb topilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.

«U darhaqiqat ushbu moddani buzgan, — qayd etgan nashrning suhbatdoshi. — Bundan tashqari, u voqea sodir bo‘lgan paytda ruxsatsiz Toshkentga ketgan bo‘lgan. Bu qoidabuzarliklar uchun u lavozimidan bo‘shatildi».

Avvalroq Kattaqo‘rg‘on hokimiyati va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchilar obodonlashtirishga olib chiqilmagani, Diana Yenikeyeva esa yo‘lni kesib o‘tayotganida «KamAZ» yuk mashinasi tomonidan urib yuborganini bildirishgandi. Marhumaning hamkasblari esa buning teskarisini gapirib berishgandi.

Samarqand hokimi Turobjon Jo‘rayev hodisa yuzasidan fikr bildirib, ijtimoiy soha vakillari mahalliy boshqaruv organlari tomonidan hududni obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmagani va jalb qilinmasligini ta’kidlagandi.