Adliya vazirligi axborot xizmati jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish masalasida izoh berdi.

11 aprelda O‘zbekiston prezidentining «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni imzolandi.

Farmon loyihasi 26 fevraldan 13 martga qadar Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan. Muhokamaga qo‘yilgan loyihaning 6-ilovasida sig‘imi to‘rt yo‘lovchi o‘ringa mo‘ljallangan yengil avtomobillarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga YATT shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish nazarda tutilgan edi.

Muhokama davomida tushgan taklif va fikrlardan kelib chiqib loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu jarayonda jismoniy shaxslarga YATT shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish masalasi yana bir bora qo‘shimcha o‘rganib chiqish uchun farmon loyihasidan ajratib olingan.

Faoliyatni litsenziyalash sohasidagi shu va boshqa o‘rganish talab qilinadigan boshqa masalalarni qo‘shimcha o‘rganishni ta’minlash maqsadida farmonning 7-bandida tegishli davlat organlariga litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarini takomillashtirishda davom etish haqida topshiriq berildi. Ya’ni, bu yo‘nalishda ishlar davom etmoqda, deyiladi xabarda.