SAHRO ISHG'OLCHISI


Surxondaryolik nafaqaxo'r Nomoz Jumayev o'z mahallasidagi o'lchami 35 futbol maydoniga teng bo'lgan cho'lni o'rmonga aylantirdi.

Foto-, video- va audiomaterillardan «Gazeta.uz» tahririyati
ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.

Sahifani monitorda tomosha
qilish tavsiya etiladi. Suratlarni to'liq hajmda ko'rish uchun ustiga bosing.
«KO'RINMAS QAHRAMONLAR»


Biz davlatimizni gullab-yashnagan holda ko'rishga ko'nikkanmiz


Lekin aslida O'zbekistonning 80 foizi cho'l va yarim cho'llardantashkil topgan. Ajdodlarimiz bu yerlar gullab yashnashi va mahsuldorligi yo'lida ming yillar davomida ter to'kkan.

XX asr oxirida O'zbekiston cho'llari hujumga o'tdi. Qir-adirlarda chorva mollari haddan ziyod ko'p boqilganligi oqibatida ular zararlanmoqda va buzilmoqda. Ko'mir va gazdan mahrum bo'lgan qishloq aholisi atrofdagi barcha o'simliklarni tag-tomiri bilan yoqish uchun ishlatishmoqda. Kelajakni o'ylovchilar esa juda kam.
Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on shahrida «Qora Yantoq» nomli mahalla bo'lib, bu yerda yuzga yaqin oila istiqomat qiladi. Atrofda yantoq juda ko'p. Cho'l mahallani ham ishg'ol etib, tobora keng maydonlarni egallamoqda. Shamol qumni ko'chalarga uchirmoqda. Vaqti-vaqti bilan kuchli va issiq afg'on shamoli esadi. Bunday paytlarda aholi eshik va derazalarni yopib, uylarida qum bo'ronidan panoh topadi.

Mahallaning asosiy ko'chasi «Broyler ko'chasi» deb ataladi. Bu yerda, 92-raqamli uyda nafaqaxo'r Nomoz Jumayev va uning katta oilasi yashaydi.
«Bir kuni Buxorodan odamlar kelishdi va bizni maktabda to'plashdi. Bizga kasseta qo'yib, qumga qarshi qanday kurashish mumkinligini aytib berishdi. Mahallada mendan boshqa hech kim qiziqmadi ham, saksovul ekishga tushmadi ham», — so'zlab berdi Nomoz aka.
Bu odamlar ichida o'rmonshunos Abdusalom Normatov va Global ekologik jamg'arma Kichik grantlar dasturining (GEJ KGD) milliy muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Volkov bor edi.

«Abdusalom loyihaning ilhomlantiruvchisi edi. U uzoq vaqtlar shu yerlarda yashagan. U menga cho'l bosib kelayotgani va nimadir qilish kerakligini aytdi. Odamlar daraxt ekolmaydi. Ular hatto tomirlarni ham o'tin uchun qazib olishadi. Tabiatdan olishadi, lekin hech narsa berishmaydi. Abdusalomda buni ularga o'rgatish g'oyasi tug'ildi», — deydi Aleksey Volkov.
Nomoz aka o'rmonni tiklash g'oyasi bilan juda qiziqdi. Mahalliy tadbirkor o'zining yerini unga foydalanishga berdi. GEJ KGD ko'chatlarga pul ajratdi. Va… hech narsa bo'lmadi. Birinchi yili saksovul ko'chatlari ko'karmadi.

«Men ekkan ko'chatlar qurib ketdi. Avvaliga to'g'ri ekishni bilmagan ekanman. Ildizlariga ozroq loy qo'shish kerak ekan. Buni bilganimdan keyin yana ekishni boshladim», — dedi Nomoz aka.

Omadsizlik «qum ishg'olchisi"ni to'xtatolmadi. 2010 yilda u saksovul va boshqa cho'l o'simliklarini yana eka boshladi. Uch yil ichida 15 mingtacha saksovul ko'chatlarini qo'l bilan ekdi.
Hozirda 50 gektardan ortiq haybatli hududda o'rmon vujudga kelgan. Bu 35 ta futbol maydoni yoki 3 ta Mustaqillik maydoni degani. Boshidan oxirigacha mashinada yurishga to'g'ri keladi — piyoda yurishga uzoqlik qiladi. Bu yerda saksovullar juda baland — odam bo'yidan oshadi. Ular atrofida butalar barq urgan, o'simliklar shamolda tebranadi, kemiruvchi va sudraluvchilar inlari galasiga duch kelasiz. Haqiqiy o'rmon! Hozircha juda yosh — bor-yo'g'i sakkiz yoshda.
«Oradan bir necha yil o'tib, natijalarni ko'rish uchun bu yerga kelganimda, ko'rib lol qoldim. Bu hayratlanarli edi», — deydi Aleksey Volkov.
«Nima uchun hech kim mendan namuna olmasligini tushunmayman», — deydi Nomoz aka. U qo'li bilan tevarak-atrofdagi cho'lni ko'rsatadi: «Mana bu yerning xo'jayini bor, lekin u bu yerda hech narsa yetishtirmaydi. Agar har bir kishi daraxt o'tqazganida, yurtimiz qanchalik yashil bo'lib ketardi, tasavvur qilayapsizmi?»
Nomoz aka odamlar nafaqat qadrdon o'lkasini tiklashni istamasligi, balki uning zaharlashda davom etayotganidan achinadi. «Uning o'rmoni» etagidan yo'ldan o'tsangiz, uyum-uyum chiqindilarga ko'zingiz tushadi. Mahalliy hukumat Nomoz aka necha marta iltimos qilgan bo'lsa ham ularni olib tashlashga shoshmayapti. Go'zallikka raxna solib turishini qarang.
Nomoz akaning xo'jaligi — «VAZ-2101», Bek laqabli ot, qo'ylar echkilar, egatdagi ko'katlar va tutlardan iborat. Bu yerda gaz yo'q. Kelinlar tandirda non yopib, mahalliy do'konda sotadi. Mahalliy tovuq fermasidagi haydovchilik staji keksalikda kamtarona hayot uchun yetarli bo'lmadi. Nomoz aka 250 ming so'm nafaqa oladi.

O'zining 63 yillik hayotini u Surxondaryoning olovdek jaziramasini ham, qordek sovuq suvini ham kechib o'tkazmoqda. Sobiq ittifoq armiyasi xizmatini Chukotka yarim orolida o'tadi. Bunga qadar hatto yaqin do'stlari ham uning o'rmoni haqida bexabar bo'lgan.
«Men bu o'rmonni do'stim yaratganini tasavvur ham qilmagandim. U avval mahalla qo'mitasi raisi bo'lib ishlagan bo'lsa ham, hech qachon yordam so'ramagan», — deydi Nomoz akaning eng yaqin do'sti Qulmurod Eshmirzayev. «U o'rmon haqidagi sirini 2015 yilda aytgan edi. Va juda hayron qolgandim. U shunaqa sirli odam».
«Menga hukumatdan hech kim e'tibor qilmadi, hech kim yordam bermadi va xalal ham berishmadi. Bir marta Surxondaryo viloyati hokimi mashinadan o'tayotib o'rmonimni ko'rib to'xtapti. „Kim buni ekkan", — deb so'ragan. Lekin men uyda yo'q edim. U menga rahmat aytib qo'yishlarini so'rabdi», — deya hikoya qiladi Nomoz aka.
«Jarqo'rg'on muammosi noyob hodisa emas, boshqa ekotizimlar kabi ekstremal sharoitga ega cho'l, juda nozik. Aynan shuning uchun Nomoz Jumayevning muvaffaqiyati — bu juda kam tashqi investitsiya va boshlang'ich bilimlarsiz cho'llarni qayta tiklash borasida a'lo darajadagi namunasi bo'la oladi. Bu yerga respublikamizning boshqa cho'l hududlaridan ekskursiyalar tashkil etish kerak, Nomoz akadan butun Markaziy Osiyo bo'yicha o'z tajribalari haqida so'zlab berish so'ralishi lozim. Eng asosiysi — cho'llar samaradorligini qaytarish va avlodlar uchun nimadir qoldirish», — deb hisoblaydi landshaft ekologi, Germaniyaning Mixael Zukkov jamg'armasi xodimi Rustam Mirzaxonov.

Agarda qahramonimizning uyiga mehmonga borsangiz, u ramkachadagi faxriy yorliqni sizga ko'rsatsa kerak. U BMT TDning O'zbekistondagi avvalgi vakili Stefan Prisner tomonidan imzolangan ilhomlantiruvchi loyiha uchun minnatdorlik sifatida berilgan. Bu Nomoz akaning xizmatlari tan olingan yagona guvohnoma.
Resurslar uchun jang
Ekilgan o'rmondan Nomoz akaning oilasi uchun hech qanday daromad yo'q. U bu yerda o'z ehtiyojlari yoki sotish uchun daraxt kesmaydi. Faqat tandir uchun yantoqlarni teradi. Biroq mutaxassislar o'rmon imkoniyatlari juda yuqori deb hisoblaydi.
«Bu biz ishonishni boshlagan rivojlanish modeli va butun mamlakat bo'ylab joriy etish uchun ko'rib chiqmoqdamiz. Har bir fermer cho'lni qayta tiklay oladi, u yerlarda chorvalarini o'tlatib, bir oz o'tin jamg'arishi mumkin. Bizning hisob-kitoblarimizga ko'ra, bir yilda qayta tiklangan cho'ldan 300−500 dollar daromad ko'rish mumkin», — deydi Aleksey Volkov.
Nazariy jihatdan 50 gektar maydondagi o'rmondan foydalanish oyiga 1600 dollardan daromad keltirishi mumkin. Bu hatto poytaxt uchun ham kattagina pul.

«Shuni aytishni istardikki, agarda siz cho'lni tabiiy kapital sifatida ko'rsangiz, uni Nomoz akadek tiklasangiz, pul ishlab topishingiz mumkin.
Biz hozirda xuddi shunday loyihani Jizzax viloyatining Forish tumanida amalga oshirmoqdamiz», — deydi Volkov.

Ammo hammasi ham ko'ngildagidek emas. Ma'lum bo'lishicha, o'rmon barpo etishning o'zi yetarli emas ekan. Odamlar nafaqat Nomoz akadan o'rnak olishni istaydi, balki yana… uning mehnatlari mahsulini yo'q qilishni ham.
Bugun Nomoz aka va uning oilasi aksariyat vaqtini o'rmonni qishloqdoshlari va atrofda yashovchi odamlardan himoya qilishga ketkazmoqda. Ular o'rmonga chorva mollarini boqishga harakat qiladi. Ular tuyoqlari ostida esa yosh o'simliklar payhon bo'lmoqda. Yana daraxtlarni o'tin qilish uchun kesib ketishni urinishmoqda.
Nomoz aka o'rmonni «o'zimniki» deydi. Uning yuridik maqomi noma'lum va tushunarsiz, kimdir uni himoya qilishga yordam berishi kerak. Hatto unda yerga egalik bo'yicha hech qanday hujjat ham yo'q. Faqat qachondir mahalliy hokimiyat va uning yeridan foydalanishga berilgan og'zaki ruxsat bor. "Agar bu yer hech kimniki bo'lmasa, u bu yerlarni ijaraga olishi mumkin. Yerlarni saqlab qolishning yagona yo'li shu. Chunki qonunchilikda bunday turdagi o'rmon barpo etishni himoya qiladigan to'g'ridan-to'g'ri me'yorlar mavjud emas", — deydi Aleksey Volkov.
«Qancha odam bilan urishdim, so'kishdim. Biz o'rmonni kechasiyu kunduzi qo'riqlashga majburmiz. «O'g'illarim bilan «Jiguli"da boramiz, tapchan o'rnatganmiz, o'sha yerda tunni o'tkazamiz», — deya yozg'iradi Nomoz aka. O'rmon chegaralariga singan shishalarni sepib chiqishga to'g'ri keldi. Ungacha brakonerlar avtomobilda to'g'ri kirib borib, daraxtlarni o'tinlikka kesib, tikan yig'ishgan.
Nomoz aka o'zini himoyalangan his qilishi uchun o'rmoniga hujjatlar olishdan mamnun bo'ladi deb o'ylayman. Umid qilamanki, mahalliy hokimiyat uni qo'llab-quvvatlaydi va yordam beradi.
Uning o'zi esa faqat bir narsani so'raydi: «Menga yana ko'chatlar kerak. Men ularni o'z hamyonimdan ololmayman. Yana o'n, o'n besh mingta. Shunda yana 30 gektar o'rmon bo'ladi. Ko'p bo'lsa ham bo'ladi. Qancha berishsa, shuncha ekaman».
Nomoz aka — baxtli inson.
U farzandlarini voyaga yetkazdi.
Uy qurdi.
Va bitta daraxt emas, butun
boshli o'rmon barpo qildi.
«Qishloq hayoti» rukni
Nomoz akaning kelini shunday hikoya qiladi: 15 fevral kuni Surxondaryoning «Ishonch» telekanali muxbiri Elyor Go'ro'g'liyev «Qora yantoq» mahallasidagi maktabda mardonavor tekshiruv o'tkazadi. U maktabda aniqlagan kamchiliklar haqida lavha tayyorlaydi. Nomoz akaning kelini ochgan voleybol to'garagiga belgilangandan ortiqcha bola jalb qilingani ma'lum bo'ladi. Hamshiradan esa 28 fevralda muddati o'tgan dori vositalari topiladi.

Lavha hokimiyatda o'tgan videoselektor yig'ilishida ko'rsatilib, 19 fevral kuni ular bo'shatiladi. Bu ham yetmagandek maktab direktori ham. Va taekvondo murabbiyi ham. Endi «Qora yantoq» maktabida na hamshira, na voleybol va taekvondo bo'yicha murabbiy yo'q. Muxbir Go'ro'g'liyev, ehtimol qahramonligi uchun mukofotlangandir. Undan yana shuni so'rashni xohlayman: «Hamkasb, nima uchun sen o'rmon haqida lavha tayorlamading?»
Foto: Elyor Ne'matov
Matn: Nikita Makarenko
Sahifalash va dizayn: Elyor Ne'matov


Foto-, video- va audiomaterillardan «Gazeta.uz» tahririyati ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.
Maqola Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbuslar (KADI) ko'magida e'lon qilindi.
KADI loyihasi GFR Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi federal vazirligining Iqlim himoyasi bo'yicha xalqaro tashabbuslar (IKI) doirasida amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi KADIning davlat hamkori hisoblanadi.