Toshkent hokimiyati axborot xizmati Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8-oilaviy poliklinika shifokorlari majburiy mehnatga jalb qilinganini rad etdi. Ushbu haftada ijtimoiy tarmoqlarda 8-oilaviy poliklinika shifokorlari va hamshiralari har kuni hududlarni tozalashga jalb etilayotgani haqidagi axborot tarqalgan edi.

«Har bir inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan va istiqomat qilayotgan maskanning toza — ozoda bo‘lishini xohlaydi. Qolaversa har bir kasb egasiga ham o‘z ishlayotgan korxonasi yoki tashkiloti atrofi, qo‘yinki o‘z xonasining toza — pokiza holda saqlanishida o‘z hissasini qo‘shadi, xususan shifokorlarimiz ham. Mirzo Ulug‘bek tuman 8-son oilaviy poliklinikasi xodimlari ham tuman aholisi singari umumxalq hasharlarida, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol qatnashib, doimo o‘z hissalarini qo‘shib keladilar. Xodimlar poliklinika hududlarini tozalash ishlarini faqat shanba kunlari, ya’ni «ozodalik kuni"da ishdan tashqari vaqtda bajaradilar», — deyiladi bayonotda.

8-sonli oilaviy poliklinikaning ikkinchi umumiy amaliyot bo‘limi mudiri Gulchehra Saidova poytaxt axborot xizmati bilan suhbatda tibbiyot muassasasi xodimlari tumanning barcha aholisi singari muntazam ravishda umumxalq hasharlarida, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etadi.

«Xodimlarimiz oilaviy poliklinika hududini tozalash ishlarida faqat kichik va o‘rta tibbiy xodimlar, xo‘jalik ishlarini yurituvchi xodimlar jalb qilinadi va ular o‘z maxsus kiyimlarida tozalash ishlariga qatnashishlari mumkin. Shifokorlar obodonlashtirish va tozalash ishlariga jalb qilinmaydilar. Qolaversa hech qanday majburlashlar yo‘q. Mirzo Ulug‘bek tumani tibbiyot xodimlari o‘z tumaning fidoyilaridir, ular tozalik sog‘lik bilan chambarchas bog‘liqligini yaxshi tushunadilar. Shuning uchun ham haftaning har shanba kuni «Ozodalik kuni"da ixtiyoriy faol qatnashadilar», — dedi u.