O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida bojxona organlari faoliyatini hamda bojxona ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, tadbirkorlik va turizmni faol va jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.

«O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturining aniqlik kiritishicha, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari import qilayotgan tovarlar narxlari oshirib yozilgan faktlar oshkor bo‘lgan. 2016−2017 yillarda oshirib yozilgan narxlar qiymati 416 mln AQSH dollarini tashkil etgan.

Farmonda bojxona organlarini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Birinchidan, bojxona organlarining barcha darajadagi tuzilmalari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash. Ikkinchidan, ikkinchidan, bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish.

«Yalpi» bojxona nazoratini o‘tkazishdan har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati ob’ektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish imkonini beruvchi xavfni boshqarish tizimiga o‘tish belgilangan. Navbatdagi yo‘nalish — bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara o‘tkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirishdan iborat.

Farmon bilan 2018 yil 1 iyuldan tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi.

Xuddi shu sanadan boshlab bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha) davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi.

Iyuldan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.

Import tovarlari amalda O‘zbekiston bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan, tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi.

Bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha muntazam ravishda monitoring o‘tkazadi.

Bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yo‘q qilinadi.

Bojxona organlari tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so‘ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi.

DBQga 1 sentyabrga qadar muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

«Islom Karimov nomidagi „Toshkent“ xalqaro aeroporti» va «Toshkent-tovar» bojxona postlarida bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada soddalashtirish, bojxona to‘lovlarining to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, tovarlarning noqonuniy importi va kontrabandani aniqlashga qaratilgan bojxona ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini qo‘llash bo‘yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish hamda ijobiy tajribani boshqa bojxona postlarida qo‘llash topshirildi.

DBQ raisiga yuqori professional mahorat, axloqiy va ma’naviy sifatlarga ega, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yo‘naltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishning prinsipial jihatdan yangi tizimini yaratish topshirildi.

Farmonda hududlarda «yagona darcha» tamoyili asosida bojxona, bank, logistik, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan zamonaviy logistik markazlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi chegara bojxona postlarini zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmualari va boshqa bojxona nazoratining texnik vositalari bilan jihozlash belgilandi.

Temir yo‘l chegara bojxona postlari davlat chegarasida temir yo‘l sostavlari kesishish joylariga ko‘chirilib, ushbu joylarda bojxona va boshqa turdagi davlat nazoratini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma tashkil etiladi.

26 yanvar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi.

1 noyabrga qadar O‘zbekiston Bojxona kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda asosiy e’tibor bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli va turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etishga qaratiladi.