7 aprel kuni Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida istiqomat qiluvchi 70 yoshni qarshi olgan otaxon Muhammad Qudratov O‘zbekiston bo‘ylab velosayohatini boshladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Sayohatchi otaxon Buxoro — Samarqand — Toshkent — Namangan — Farg‘ona — Andijon — Termiz — Qarshi — Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha sayohatni amalga oshirishni rejalashtirgan.

«Mazkur sayohat orqali yurtimizda ichki turizmni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman», — deb ta’kidlaydi Muhammad bobo.

Hozirgi kunga qadar otaxon Buxoro viloyatidagi «Yetti Pir» ziyoratgohlarida bo‘lib, Samarqandga yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda namanganlik 76 yoshli Husan bobo Hojiboyev O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabrigacha 521 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tgan, so‘ngra haj safariga velosipedda yo‘lga otlangan edi. Biroq Turkmaniston chegarasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagani sababli qo‘shni mamlakatga kiritilmagani sababli ortga qaytishga majbur bo‘lgan edi.