2016 yil sentyabridan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Davlatovich Kudbiyev bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlandi. Bu haqda vazirlikdan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilindi.

Sherzod Kudbiyev (1981 yilda tug‘ilgan) Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan (mutaxassisligi — moliya va kredit).

Hokim lavozimiga tayinlangunga qadar 2015 yildan Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Avvalroq — 2012−2015 yillarda — Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi (hozirgi — Bandlik va mehnat munosabat lari vazirligi) Aholi bandligi, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish respublika ilmiy markazi direktori lavozimida ishlagan.

2010−2012 yillarda Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi departamentida yetakchi va bosh mutaxassis, 2007−2010 yillarda Mehnat vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.

Bir kun avval sobiq bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aktam Haitov O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani xabar qilingan edi.