O‘zbekistonda tashqi savdo aylanmasi yanvar-mart oylarida 7,9 milliard AQSH dollarini, shu jumladan, eksport 4,1 milliard AQSH dollarini va import 3,8 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Tashqi savdo aylanmasi saldosi 249,4 mln dollarni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi.

Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 91,4 foizga o‘sishi tabiiy gazning 2,3 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Mashina va asbob-uskunalar esa 35,4 foizga o‘sdi, shundan qozonlar, uskunalar va mexanik asboblar va ular qismlari 24,6 foizga, transformator va akkumulyatorlar 68,6 foizga, monitor va proyektorlar 3,3 martaga oshdi.

Bug‘doy eksportining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,6 foizga va meva-sabzavot mahsulotlarining 51,7 foizga o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmining 49,9 foizga o‘sishiga olib keldi.

Eksportning 27,1 foizini (1,1 mlrd dollar) xizmatlar, 13,6 foizini — energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari (556,4 mln dollar), 5,8 foizini — kimyo mahsulotlari va ulardan tayyorlangan buyumlar, 2,5 foizini — paxta tolasi (99,8 mln dollar) va boshqalar tashkil etgan.

Tashqt savdo aylanmasidagi asosiy sheriklar — Rossiya (18,6 foiz), Xitoy (17,4 foiz), Qozog‘iston (7,3 foiz), Turkiya (5 foiz), Janubiy Koreya (4,1 foiz), Afg‘oniston (2,2 foiz), Germaniya (1,9 foiz), Belarus (1,4 foiz), Ukraina (1,2 foiz), Latviya (1,1 foiz), Tojikiston va Qirg‘iziston (0,9 foizdan).

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 51,7 foizga o‘sib, 110,8 mln dollarni tashkil etdi. Bunda ushbu mahsulotlarning jismoniy hajmi 84,9 foizga ortib, 182,8 ming tonnani tashkil etgan. Asosiy meva-sabzavotlar Qozog‘iston (37,4 foizi), Afg‘oniston (13,1 foiz), Rossiya (11,8 foiz), Turkiya (5,9 foiz), Vetnam (4,9 foiz), Xitoy (3,8 foiz), Qirg‘iziston (2,6 foiz), Eron (2,4 foiz) va Hindistonga (2,2 foiz) eksport qilingan.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti ulushi 7,8 foizni (316,9 mln dollar) tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 14,7 foizni tashkil etdi.