O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari Ilhom Aliyevni kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Saylov natijalari qardosh ozarbayjon xalqi Ilhom Aliyevni keng qo‘llab-quvvatlashi va unga ulkan ishonch bildirishini, davlat rahbarining shaxsiy xizmatlari hamda mamlakatda barqarorlikni, izchil iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan samarali siyosatni yusak baholashini yana bir bor namoyon etgani alohida ta’kidlandi.

Turli darajadagi faol muloqotlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi.

Davlatlar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston-Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorligi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi. Ozarbayjon prezidenti davlat rahbariga samimiy tabrik va ezgu tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.