O‘zbekiston Adliya vazirligi «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani o‘tkazish to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Hujjatda qayd etilishicha, qonunchilikda fuqarolarning meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida egalik qiluvchi yer uchastkalarida shaxsiy turar-joy qurish huquqi kafolatlangan.

Shu bilan birga, yer tuzish va kadastr organlari tomonidan o‘tkazilgan respublika ko‘chmas mulk fondining yalpi xatlovi shaxsiy turar-joy qurish sohasida asosan qishloq joylarida qonuniylikni ta’minlash borasida tizimli kamchiliklar va jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi.

«Uy-joyni sotib olish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramay minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida noqonuniy shaxsiy turar-joylarni barpo etishgan», — deyiladi farmon loyihasida.

Bunday holatlarning yuz berishiga davlat organlar birinchi navbatda joylardagi mahalliy ijro, shu jumladan, yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning yo‘l qo‘yganliklari sabab bo‘ldi.

Fuqarolarga shaxsiy turar-joy qurish uchun noqonuniy ravishda yer uchastkalarini muayyan to‘lov evaziga berish bo‘yicha fermer va dehqon ho‘jaliklarining til biriktirish faktlari mavjud.

Natijada ushbu muammo butun respublika bo‘yicha ommaviy tus oldi va uy-joyga zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholida boshqa ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga, xususan haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilinishi, mulk huquqiga ega bo‘lishi va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi, deyiladi farmonda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga fuqarolarning turar joyiga kadastr hujjatlarini berishni so‘rab 5000 dan ziyod, deputatlar, senatorlar, mahalliy ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda — 3000 dan ziyod murojaat kelib tushgan.

Farmonda belgilanishicha, 2018 yil 31 dekabrga qadar mazkur farmon qabul qilingan vaqtdan oldin qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqini ushub ob’ektga o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs quyidagi shartlar asosida oladi:

ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lsa;

o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmasa, shuningdek uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydigan aniq holatlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorda (1,7 mln so‘m) bir martalik yig‘im to‘langandan keyin amalga oshiriladi. «Gazeta.uz"ning Adliya vazirligi matbuot xizmatidan aniqlik kiritishicha, ushbu mablag‘lar maxsus komissiyaning tashkiliy ishlari (joylarga chiqish, maydonlarni o‘lchash, binolar va imoratlarning shaharsozlik ekspertizasi, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalarga) uchun sarflanadi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishda mulkdorga u qurilgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi ortiqcha qismi zaxira yerlariga olib qo‘yilgan holda beriladi.

Ayni paytda Yer kodeksiga muvofiq, bir oilaga 0,06 ga (6 sotix) hajmdagi yer uchastkasi umrbod egalik huquqi bilan individual turar joy qurilishi uchun beriladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish bo‘yicha sudlarga kiritilgan da’volar to‘xtatilgan, turar joy sifatida foydalanilayotgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risidagi ijro etilmagan sud qarorlari bo‘yicha murosa shartnomalari tuziladi.

Aksiya muddati tugashi bilan imoratlarni o‘zboshimchalik bilan qurganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bundan tashqari, ularga yo‘l qo‘ygani uchun O‘zbekiston bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Jokargi Kenesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi, boshqa vakolatli organlar mansabdor shaxslari shaxsan javobgar hisoblanadi.