12 aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Gretsiyaning favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Andreas Friganasni qabul qildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng vazir elchini O‘zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi va yuqori va mas’uliyatli lavozimda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida turli sohalardagi O‘zbekiston-Gretsiya muloqotini yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlardagi yangi ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, so‘nggi yarim yil ichida ishbilarmon doira vakillari ishtirokida ikkita biznes forumi o‘tkazildi, O‘zbekiston va Afina savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘grisidagi Memorandum imzolandi, o‘zaro manfaatli loyihalar tayyorlanmoqda, shuningdek, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalar faollashdi.

Ta’kidlanganidek, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘lib turgan yetakchi Gretsiya kompaniyalari delegatsiyalarining ko‘p sonli uchrashuvlari hamkorlikning yangi jabhalarini izlash imkonini yaratadi.

Suhbatda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam siyosiy maslahatlashuvlar, Savdo-iqtisodiy va fan-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita majlislarini qayta boshlashga o‘zaro qiziqish bildirildi, bu esa hamkorlikning mavjud ulkan salohiyatni aniqlash va hayotga tadbiq etish imkonini yaratishi qayd etildi.

Ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish doirasida BMT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalarda o‘zaro qo‘llab quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.