O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 apreldagi qarori bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirishga topshiriq berdi. Hujjatda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Davergeodezkadastr, «O‘zarxiv» agentligi va boshqa vazirlik hamda idoralarning faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Qarorda qayd etilishicha, davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqa hujjatlar reyestrlari alohida qog‘oz ko‘rinishida yuritilishi, elektron arxivlarning mavjud emasligi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qiyinchiliklarga olib kelmoqda.

Ruxsat berish va litsenziyalash jarayonlaridan o‘tish hamon murakkab va ortiqcha tartibga solinganligicha qolmoqda, davlat xizmatlarini olish jarayonida ortiqcha talablar va to‘siqlarning mavjudligi shaffoflikning yo‘qolishiga, huquqni turlicha qo‘llash amaliyotiga va oqibatda suiiste’molchiliklar tez-tez sodir etilishiga va boshqa qoidabuzarliklarga olib kelmoqda, deyiladi qarorda.

Prezident davlat xizmatlarini ko‘rsatayotgan vazirlik, mahkama va boshqa vakolatli organlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini yanada unifikatsiyalash va avtomatlashtirish maqsadida axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratishga yagona texnologik yondashuvni ta’minlashni hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan rivojlantirish va joriy etish vazifasini topshirdi.

Yagona davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha biznes jarayonlarning reinjiniringini amalga oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi tartibotlarni va ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish, blank va shakllarni sezilarli darajada optimallashtirish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda mamlakat bo‘yicha 201 ta davlat xizmatlari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yagona reyestrga jami 444 turdagi davlat xizmatlari kiritilgan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisda davlat rahbari yangi xizmat turlarini joriy etishni topshirgan edi.

1 iyundan ilovadagi ro‘yxat bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari tomonidan tajriba tariqasida 70−100 turdagi talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglamentlar qabul qilinadi.

Tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati aholining dolzarb ehtiyojlari asosida shakllantiriladi va Adliya vazirligining taklifiga asosan O‘zbekiston Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan tasdiqlanadi.

Tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilgan davlat xizmatlari faqat davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi. Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tajriba tariqasida joriy etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi arizalarni bevosita arizachilardan qabul qilish taqiqlanadi.

2019 yilning 1 iyuniga qadar davlat xizmatlarini tajriba tariqasida ko‘rsatish natijalariga ko‘ra, mazkur davlat xizmatlarini ko‘rsatishni respublikaning barcha hududlarida joriy etish va davlat xizmatlari markazlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Davlat xizmatlari markazlarini tuman (shahar)ning transport kesishuvlari fuqarolar uchun qulay bo‘lgan markaziy qismida joylashgan binolarga joylashtirish topshirildi. Yangi binolar faqat byudjetdan tashqari manbalardan, ayniqsa, davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida idoralararo elektron hamkorlik amalga oshirilayotganda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr raqamidan foydalanish majburiy hisoblanadi.

1 iyulgacha Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi" DUKning elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlari ushbu qarorning ilovasida ko‘rsatilgan davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarga bepul beriladi.

Moliya vazirligi, Markaziy bank Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mexanizmini joriy etishi lozim.

2018 yil 1 dekabrga qadar talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan mobil ilovaning ishlab chiqiladi.

Adliya vazirligi qoshida Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etilmoqda. Uning asosiy vazifalari aholi, ayniqsa, yoshlarning, shuningdek, qishloq joylarida huquqiy targ‘ibot va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar va ijodiy yondashuvlardan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha innovatsiyalarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka, tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish va boshqalardan iborat.