Shisha buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Kvars» kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi bo‘lib muvaffaqiyatli ravishda IPO (birlamchi ommaviy taklif orqali aksiyalarni joylashtirish) o‘tkazgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

2017 yil 5 dekabrdan boshlab joylashtirish uchun 4,5million donadan ortiq «Kvars» aksiyalari taqdim etildi. Aksiyalar taklif qilingan eng yuqori narx ustuvorligi hisobga olingan holda sotildi.

Jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek investitsion vositachilardan arizalar O‘zbekiston milliy banki filiallarida qabul qilindi. Har bir aksiya narxi 3000 dan 9100 so‘mgacha diapazonda baholandi, deya xabar qildi Davlat raqobat qo‘mitasi.

Aksiyalar uchun arizalar 3 aprelda yakuniga yetdi. «Toshkent» respublika fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, jami bo‘lib 2,475 million dona aksiya yoki jami chiqarilgan aksiyalarning 54 foizi sotildi. Spot’ning yozishicha, ularning jami miqdori 7,5 mlrd dollardan ziyodroqni tashkil etdi.

9 apreldan «Kvars» ikkilamchi qimmatli qog‘ozlar bozoriga murojaat qiladi.
3305 kishi kompaniyaning yangi aksiyadorlariga aylandi. Korxona joylashgan Farg‘ona viloyatida eng ko‘p — 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 1,7 million dona aksiya sotildi. Toshkentda esa qariyb 2 mlrd so‘mlik 655 mingta aksiya sotilgan