Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga endilikda Telegram messenjeri boti (@iibb_bot) yordamida murojaat qilish mumkin, deya xabar qildi IIBB «Gazeta.uz"ga. Bu boshqarma bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan yana bir yo‘l bo‘lib, bunga qadar rasmiy sayt va Feysbukdagi sahifadan murojaat yuborish imkoniyati mavjud edi.


Bot o‘zbek va rus tillarida ishlaydi. Ilk ishga tushirgan vaqtda u foydalanuvchidan telefon raqamini so‘raydi.

Foydalanuvchiga u yashaydigan yoki biror hodisa sodir bo‘lgan tumanni tanlash taklif qilinadi. Dastur joyni avtomat ravishda aniqlashi uchun geoma’lumotlarni yuborish imkoni bor.

Shundan so‘ng YHXB, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, profilaktika inspektorlari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari hamda ichki ishlar organlarining boshqa xizmatlari faoliyatiga aloqador boshqa so‘rov, ariza yoki murojaatni yuborish mumkin. Shuningdek, audio, video yoki foto fayllarni biriktirish mumkin.

Bot xabarni qabul qilganidan so‘ng avtomat ravishda xabar olingani va ma’lumotlar bazasiga kiritilgani haqida javob qaytaradi, murojaat ko‘rib chiqilgani bo‘yicha esa mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuboriladi.