O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Blida viloyatining Bufarik aeroporti yaqinida harbiy samolyotning qulashi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulaziz Buteflika va Jazoir xalqiga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Jazoir Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida aviahalokat natijasida 247 nafar yo‘lovchi va 10 nafar ekipaj a’zosi qurbon bo‘lganini ma’lum qildi. Yo‘lovchilarning asosiy qismi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolaridan iborat.