Toshkentning Qoratosh ko‘chasida o‘tish qismida asfaltning cho‘kishi sovuq suv quvurining teshilishi sababli ro‘y bergan, deya xabar qildi Toshkent Obodonlashtirish boshqarmasi «Gazeta.uz"ga.

Avariya yakshanba kuni taxminan soat 11 larda sodir bo‘lgan. Yo‘l xizmati ko‘chadagi ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazdi.

«Sovuq suv quvuri teshilgan ekan, unga „Suvsoz“ korxonasi javobgar. Ular quvurni tuzatishdi. Asfalt yotqizish ishlari chorshanba kuni amalga oshiriladi, buning uchun 4 tonnaga yaqin qorishma va 15 daqiqa talab qilinadi», — dedi boshqarma vakili.

Obodonlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon shaharda 15−20 ta shunga o‘xshash avariyalar sodir bo‘ldi.