2017-yilda O‘zbekiston jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 262 kishi oqlangan bo‘lsa, 2012−2016-yillarda ularni soni bor-yo‘g‘i 7 nafarni tashkil etgan edi. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

2018-yil birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 68 ta jinoyat ishi bo‘yicha 114 nafar shaxsga nisbatan oqlash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan.

Xususan, birinchi instansiya sudlari tomonidan 55 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan va Jinoyat-protsessual kodeksining 83 moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) asnosida 9 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tugatilgan, yuqori turuvchi instansiya sudlari tomonidan 50 nafar shaxs oqlangan va ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tugatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tomonidan 2 nafar shaxs va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan esa 9 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, birinchi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida — 29, Toshkent shahrida — 16, Toshkent viloyatida — 13, Surxondaryo viloyatida -7, Andijon viloyatida — 7, Xorazm viloyatida — 6, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 5, Samarqand viloyatida — 5, Farg‘ona viloyatida — 4, Jizzax viloyatida — 4, Sirdaryo viloyatida — 4, Navoiy viloyatida — 4 va Buxoro viloyatida 1 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

“Oliy sud tomonidan ushbu sud qarorlari o‘rganib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha e’lon qilingan ayblovlar dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxminlar yoki mish-mishlardan iborat ma’lumotlar hamda nomaqbul dalillarga asoslanganibois sudlar tomonidan barcha qarorlar asosli ravishda chiqarilgan deb topildi”, — deydi Aziz Obidov.