1 maydan O‘zbekistonda energoresurslar, suv ta’minoti va oqova suvlar xizmatlaridan hamda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikka ega shaxslarning barcha uchun ochiq ma’lumotlar bazasini joriy etish taklif etilmoqda. Kuzga qadar Bosh prokuratura qoshidagi Majburiy ijro byurosi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan mahkamalararo aloqani ta’minlovchi yagona tizimni joriy etishi lozim.

Ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslar — qarzdorlar yirik shartnomalarni tuzish, moliya-kredit xizmatlari, xalqaro yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda davlat xizmatlarining ayrim turlaridan foydalanish huquqidan mahrum etiladi.

Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qarori loyihasi orqali kimlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish va qanday huquqlardan vaqtincha mahrum etish rejalashtirilayotganini bilish mumkin.

Bazaga energoresurslar, suv ta’minoti va oqova suv xizmatlaridan foydalanganlik uchun qarzdorlik, shuningdek jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 2 barobaridan (1 EKOIH — 172240 so‘m) ziyod, yuridik shaxslar uchun esa 5 barobaridan ortiq miqdordagi har bir ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlikka ega qarzdorlarni kiritish taklif qilinmoqda.

Yirik shartnoma deganda notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tish talab qilinuvchi shartnomalar nazarda tutilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar — qarzdorlarga ko‘rsatilishi taqiqlanayotgan bank xizmatlari sifatida barcha sug‘urta xizmatlari, shu jumladan lizing xizmatlarini taqdim etish, shuningdek xalqaro yo‘lovchi transportida O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Qarzdorlarga davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini olishda cheklovlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumotlar bazasiga kiritilgan qarzdorlarga nisbatan vaqtinchalik cheklovlar ularning bazaga kiritilgan vaqtidan to undan o‘chirilgunicha muddatni o‘z ichiga oladi.

Qarzdorlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish va qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchligi bo‘yicha javobgarlik Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, shuningdek «O‘zbekenergo», «O‘ztransgaz» va UJX vazirligiga yuklatilgan.

Aeroportlar, avtovokzallar va temir yo‘l vokzallarida qarzdorlikni qoplash uchun maxsus kassalar ochish rejalashtirilmoqda. Qarzdorlik qoplanishi bilan taqiq yechiladi.

Chiptalar sotiladigan kassalar bazaga kiritilgan qarzdorlar xalqaro yo‘lovchi tashish xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega emasligi to‘g‘risida ogohlantirishlari lozim.