Giyohvand moddalar saqlash aybi bilan sudlangan Toshkent viloyati IIB Reabilitatsiya markazi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Davron Pirmatov oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasi shu sudning 2012 yil 18 dekabrdagi Pirmatovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmini ko‘rib chiqdi. Mazkur hukmga ko‘ra Davron Pirmatov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, amnistiyaga asosan jazodan ozod qilingan edi.

Sud hukmiga ko‘ra Toshkent viloyat MXX va IIB boshqarmalari xodimlari tomonidan Pirmatovning xonadonida o‘tkazilgan tintuv vaqtida 1,460 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi topilgan va bu D. Pirmatovni ayblash uchun asos qilib olingan.

D. Pirmatov dastlabki tergov va sudda aybga iqror bo‘lmasdan uzoq vaqtdan buyon IIB tizimida ishlagani,tintuv vaqtida olingan giyohvandlik moddasi unga tegishli emasligi, giyohvandlik vositasini umuman iste’mol qilmasligini ta’kidlab, unga asossiz ayb e’lon qilinganini bayon qilgan.

Shuningdek, u o‘zini avval Reabilitatsiya markazida saqlanayotgan shaxslarni ozod etish uchun dastlabki tergovda shaxsi aniqlanmagan noma’lum shaxsdan 300 ming so‘m pora olganlikda ham ayblashmoqchi bo‘lishganini ham bildirdi.

Kassatsiya instansiyasida tergovchi tomonidan tuzilgan 2012 yil 2 apreldagi D. Pirmatovning uyida o‘tkazilgan tintuv bayonnomasida ko‘rsatilgan xolislar T. Maxamatov va S. Sulaymonovalar sudda so‘roq qilinganda, S. Sulaymonova sudlangan D. Pirmatovning onasi, T. Maxamatov esa qaynog‘asi ekani ma’lum bo‘ldi. Eng asosiysi, bu xolislarning ikkalasi ham narkotik vositasi uylariga atay tashlab qo‘yilgani, ammo ularni dastlabki tergovda tinglashmagani va sudga chaqirishmaganini ta’kidlashdi.

Vaholanki, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, tergovda harakatlarida ishning oqibatidan manfaatdor bo‘lmagan xolislargina ishtirok etishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shundan kelib chiqib kassatsiya instansiyasi tintuv o‘tkazish haqidagi bayonnomani va birinchi instansiya sudining uni dalil deb topgan xulosasini nomaqbul deb topdi.

Bundan tashqari D. Pirmatovga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov to‘lig‘icha shubhalardan tashkil topgan, sud hukmi ham taxminlarga asoslangan, uning aybi biror-bir inkor etib bo‘lmaydigan dalil bilan isbotlanmagan.

O‘zbekiston JPKning 463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas. Ayblov hukmida barcha kam-ko‘st to‘ldirilgan, shubha va qarama-qarshiliklarga barham berilgan va ishonchli dalillar asos qilib olingan bo‘lishi lozim.

Kassatsiya instansiyasi ushbu holatlarni inobatga olib, Davron Pirmatovni O‘zbekiston JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilishni lozim topdi. Shuningdek, D. Pirmatovga yetkazilgan mulkiy hamda ma’naviy ziyon oqibatlarini qoplash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi JPKning 304−312-moddalari tartibida da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqi borligini tushuntirildi.