Toshkent va Olmaota o‘rtasida 12 apreldan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar qildi «O‘zavtotrans» agentligi.

«Toshkent-Olmaota» xalqaro avtobus yo‘nalishida doimiy qatnovlar kuniga uch marta (16:00, 17:00 va 18:00 da) «Toshkent» avtovokzalidan amalga oshiriladi. «Olmaota-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslar esa «Sayran» avtovokzalidan yo‘lga otlanadi.

«O‘zavtotrans» Qozog‘iston Investitsiyalar va rivojlantirish vazirligi Transport qo‘mitasi bilan birgalikda yo‘nalishni ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini olib bordi. 11 aprel kuni sinov qatnovi amalga oshiriladi.

Yo‘nalish masofasi 818 km ni, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 16 soatu 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvalga «G‘ishtko‘prik» (O‘zbekiston) va «Jibek Joli» (Qozog‘iston) postlarida bojxona va chegara nazoratidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt kiritilgan.

Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 100 ming so‘m va 4000 tenge etib belgilandi. O‘zbekiston YUTONG (Xitoy), Qozog‘iston esa VANHOL (Belgiya) rusumli avtobuslardan foydalanadi.

Yo‘nalishga xizmat qilish uchun o‘zbek tomonidan ERKIN EMINA EXPRESS TOUR tashuvchi etib belgilangan bo‘lsa, qozoq tomoni «YUG TRANS LAYN» bilan Qozog‘iston hududida avtobuslarga xizmat ko‘rsatish (avtobuslarning texnik ko‘rigi, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, qo‘riqlash va avtobuslarni yuvish) bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi.

Tomonlarning bojxona va chegara xizmatlari «Toshkent-Olmaota-Toshkent» yo‘nalishi avtobuslari va yo‘lovchilarining chegarani kesib o‘tishdagi chegara va bojxona jarayonlarini ustuvor tartibda o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni hal etishdi.