O‘zbekiston IIV o‘z saytida 8 aprel kuni insonlar o‘limiga olib kelgan bir qancha yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risida ma’lum qildi. Jami bo‘lib to‘qqiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.

15:20 da Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida Sh. Atajonov (1972 y. t.) tegishli hujjatlarsiz opasiga tegishli Cobalt avtomobilini A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau» avtomobil yo‘lining 578-kilometrida haydab ketayotganda boshqaruvni yo‘qotib, avtomobil yo‘l chetida ag‘darilib ketadi. Atajonov hodisa joyida, uning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan o‘g‘li shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Haydovchining opasi U.Atajonova va uning voyaga yetmagan nevarasi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

17:05 da Namangan viloyati Kosonsoy tumanida M. Muxtorov (1996 y. t.) ishonchnomasiz Nexia avtomobilini boshqarib, 4R-114 «Kosonsoy-Olabuqa» avtomobil yo‘lida oldinda harakatlanib ketayotgan Matiz mashinasining orqa chap qismiga borib uriladi. Shundan so‘ng boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketadi va T. Darveshov (1991 y. t.) boshqarib kelayotgan «VAZ-2107» bilan to‘qnashadi. Darveshov hamda yo‘lovchilar F. Baratov (1972 y. t.) va J. Abdulazizov (1998 y. t.) olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida hayotdan ko‘z yumadi. Uchinchi yo‘lovchi M. Ahmedova (1966 y. t.) va Nexia haydovchisi shifoxonaga yotqiziladi. Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, M. Ahmedova 9 aprel kuni vafot etdi.

21:30 da Toshkent viloyati Chinov tumanida «Toshkent-Termiz» avtoyo‘lining 858-kilometrida harakatlanib kelayotgan J.G‘aniyev (1992 y. t.) boshqaruvidagi Lacetti chapga qayrilayotgan «Moskvich-412» mashinasining orqa qismiga borib urilgan. Natijada J.Fozilov (1999 y.t.) boshqaruvidagi «Moskvich» qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, T.Berdibekov (1962 y. t.) haydab kelayotgan Istana avtomashinasi bilan to‘qnashadi. YTH natijasida «Moskvich» yo‘lovchilari J. Toshmetov (1998 y. t.) va N. Toshmetov (1998 y. t.) hodisa joyida vafot etdi, haydovchi Fozilov va Lacetti haydovchisi G‘aniyev shifoxonaga yotqizilgan.