Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi ish boshlaydi, deya xabar qildi O‘zMU fizika fakultetida faoliyat ko‘rsatayotgan fizika-matematika fanlari doktori, akademik Komil Muqimov «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida.

Markaz tashkil etish g‘oyasi akademik Komil Muqimovda paydo bo‘lgan, biroq u 2016 yil 30 dekabrigacha, prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat ilm-fan vakillari bilan uchrashuviga qadar e’tiborsiz qoldirib kelinayotgan edi.

«O‘shanda prezident: o‘z takliflaringizni bildiring, degan edi. Men loyihani ko‘rib chiqish uchun yubordim va fevralda javob keldi. 2017 yil 1 noyabrida prezidentning ilmiy-tadqiqot muassasalari infratuzilmasini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi va unda Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazini tashkil etish ham o‘rin olgan», — dedi olim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi markaz O‘zbekistonda nanotexnologiyalarni rivojlantirish va nanosanoatni tashkil etish uchun ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy salohiyatini birlashtirishi lozim.

Markazda yirik jamoaviy foydalanishdagi laboratoriya tashkil etiladi. Zarur uskunalar uchun 1,3 mln dollar ajratiladi. «Biz birgalikda ishlash uchun butun respublikadan talabalar, o‘qituvchilar, professor va olimlarni taklif etamiz. Bizda nanotexnologiyalarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan olimlar bor, ular soni kam, lekin bor. Masalan, Andijon, Samarqand va Toshkentda universitetlarida», — dedi Komil Muqimov.

Markazda tashkiliy-tahliliy bo‘lim faoliyat ko‘rsatib, u nanotexnologiyalarni rivojlantirishning zamonaviy jahon tendensiyalarini tahlil qiladi, sanoatning turli sohalari uchun ishlab chiqish, tatbiq etish va qo‘llash mumkin bo‘lgan materiallar va texnologiyalarni aniqlaydi, shuningdek ishlanmalarni joriy etish uchun korxonalar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yadi.

«Tadqiqotlar asosida muayyan kompaniya yoki sohani rivojlantirish uchun takliflar tayyorlash yotadi. Innovatsion rivojlantirish vazirligi loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratadi», — deya qayd etdi Komil Muqimov.

Markaz kadrlar tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. «Dastlab Milliy universitet, keyin esa respublikadagi barcha mutaxassislar bilan tajriba almashamiz. Seminarlar, konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq hozirda eng muhimi — ishni boshlash va bazani tashkil etish», — deya ta’kidladi akademik.