1990-yillarda O‘zbekistonda ilm uchun sharoitlar hozirgidan 100 karra yaxshiroq edi. Bu haqda juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘simlik moddalari kimyosi institutiga tashrifi vaqtida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, bugungi kungacha mamlakatda ilm-fan uchun zarur sharoitlar yaratilmadi. Endilikda O‘zbekistonga jalb qilinayotgan investitsiyalarning bir qismi ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.

«Albatta, dunyoda hamma narsa nisbiy zo‘r, lekin 32 million xalqqa nisbatan umuman rivojlanish yo‘q, desak, bu adolatdan bo‘ladi. Ilmdagi 90-yillardagi sharoitimiz hozirgiga nisbatan yuz karra yaxshi edi. Bizda hamma sohada baza, ilm, metodika bor edi, yoshlar intilar edi. Hamma fan nomzodi bo‘laman deb harakat qilar edi», — dedi davlat rahbari.

«O‘zimizning xalqimizning ertasini o‘ylamadik, yoshlarimizning ilmga intilishiga sharoit yaratmadik, desak, bu to‘g‘ri bo‘ladi, — deya davom ettirdi u. — O‘zbekistonga kelgan 100 dollarning 10 dollari ilmga, 5 dollari ilmni tayyorlashga ketishi kerak».

Nima uchun Innovatsiya vazirligini tashkil qildik? Innovatsiya vazirligi sizlarga ko‘mak berib, investitsiyani olib kelib, mahsulotlaringizni bozorga olib chiqadigan ko‘prik bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Innovatsion rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov Facebook orqali davlat rahbarining chiqishiga izoh berar ekan, «yig‘ilishda qayd etilgan ushbu masala juda ham dolzarb. Afsuski, bu yo‘nalishda biz ko‘p narsalarni boy berdik. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot faoliyatiga ajratilayotgan mablag‘lar ulushi YAIMning 0,2 foizidan kamroqni tashkil etadi. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 11 barobar, Janubiy Koreyadagiga nisbatan esa 22 barobar kam demakdir».

«2014 yilda Koreyada YAIM 1411 mlrd dollarni tashkil etgan o‘lsa, ilmga ajratilgan jami mablag‘ miqdori 60 mlrd dollardan ziyodroqni (qariyb O‘zbekistonning jami YAIM) tashkil etgan. Bu O‘zbekistonda ilmga ajratilayotgan mablag‘dan 485 marta (!) ko‘p (124 mln dollar, ya’ni 63 mlrd dollarlik YAIMning 0,2 foizi)… 2018 yilgi davlat byudjeti parametrlarida ilmga jami 48 mln dollar (389 mlrd so‘m) ajratish ko‘zda tutilgan», — deb yozadi vazir o‘rinbosari.

Video