O‘zbekistonning doimiy aholisi 2018 yilning birinchi choragida 107 ming kishiga yoki 0.3 foizga ko‘payib, 1 aprel holatiga ko‘ra 32 million 763,7 ming kishiga yetdi. Dastlabki ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qildi.

Shahar aholisi 16 million 583 ming (umumiy aholining 50,6 foizi), qishloq aholisi — 16 million 180,7 ming kishini (49,4 foiz) tashkil etdi.

Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 1 aprel holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida 3 million 733,7 ming kishini (respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4 foizni) va Farg‘ona viloyatida 3 million 631 ming kishini (11,1 foiz), aksincha eng kam aholi soni Sirdaryo viloyatida 818,4 ming kishini (2,5 foiz) va Navoiy viloyatida 961,3 ming kishi (2,9 foiz) tashkil etdi.

Hududlar kesimida aholining eng yuqori o‘sish sur’ati 2017 yilning mos davriga nisbatan Surxondaryo viloyatida 2,1 foizga, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 1,9 foizga, Jizzax, Namangan viloyatlarida va Toshkent shahrida 1,8 foizga, aksincha eng kam o‘sish sur’ati Toshkent viloyatida 1,1 foizni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Buxoro viloyatida 1,4 foizni tashkil etdi.

1 aprel holatida Toshkent aholisi 11 ming kishi yoki 0,4 foizga o‘sib, 2 million 475,9 ming kishini tashkil etdi.

Tug‘ilish

2018 yilning yanvar-mart oylarida 147 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib (bu yerda va bundan keyin tug‘ilganlarga faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan), mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 18,2 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,1 promillega kamaygan (2017 yilning yanvar-mart oylarida 18,3 promille bo‘lgan).

Tug‘ilish koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan Samarqand viloyatida (18,9 promilledan 20,1 promillega) va Toshkent (15,7 promilledan 16,6 promillega) shahrida sezilarli o‘sgan bo‘lib, aksincha kamayish esa Sirdaryo (19,5 promilledan 18,0 promillega) va Xorazm (16,9 promilledan 16,1 promillega) viloyatlarida kuzatildi.

Jami tug‘ilganlarning 32,1 foizi onaning 1-farzandi, 36,8 foizi onaning 2-farzandi va 31,1 foizi onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Vafot etganlar

2018 yilning yanvar-mart oylarida 37,8 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,3 promillega kamaydi (2017 yilning yanvar-mart oylarida 5,0 promille bo‘lgan).

O‘lim koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan Toshkent viloyatida (5,6 promilledan 6,1 promillega) va Toshkent shahrida (6,9 promilledan 7,0 promillega) o‘sgan bo‘lib, sezilarli darajada kamayishi Farg‘ona (5,0 promilledan 4,4 promillega), Xorazm (4,6 promilledan 4,0 promillega), Andijon (5,7 promilledan 5,2 promillega) va Namangan (5,0 promilledan 4,5 promillega) viloyatlarida kuzatildi.

2018 yil yanvar-martda jami vafot etganlarning 6,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik

yoshdagilarga (2017 yilda 7,4 foiz), 24,4 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilarga (2017 yilda 25,7 foiz), 68,9 foizi mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2017 yilda 66,9 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2018 yilning yanvar-mart oylarida vafot etganlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan 1,5 ming kishiga kamaygan.

2018 yilning yanvar-mart oylarida qayd etilgan vafot etganlarning 62,4 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9 foizi o‘simtalardan, 5,5 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,2 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,3 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,6 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 1,7 ming nafarni tashkil etib, ularning 59,2 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 17,2 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 13,6 foizi tug‘ma anomaliyalardan, 2,7 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,0 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,3 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan vafot etgan.

Nikoh va nikohdan ajralishlar

2018 yilning yanvar-mart oylarida FHDYO organlari tomonidan 52,1 ming nikoh va 8,1 mingta nikohdan ajralishlar qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 6,5 va 1,0 promilleni tashkil etdi.

Tuzilgan nikohlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (122,2 foiz), Farg‘ona (114,9 foiz), Jizzax (113,3 foiz), Andijon (112,8 foiz) viloyatlariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (113,5 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.

Ajrimlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (125 foiz), Namangan va Qashqadaryo (120 foiz), Andijon (112,5 foiz) viloyatlariga va Toshkent shahriga (111,1 foiz) to‘g‘ri kelmoqda. 2017 yilning mos davriga nisbatan kamayishi Navoiy (33,3 foiz), Xorazm (25 foiz) va Buxoro (20 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Migratsiya

2018 yil yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 45,1 ming kishini (44,5 ming kishi respublika hududlaridan, 0,6 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 47,3 ming kishini (44,5 ming kishi respublika hududlariga, 2,8 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi.

Migratsiya saldosi minus 2,2 ming kishi bo‘lib, 2017 yilning mos davrida minus 4,4 ming kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent (minus 1,1 ming kishi), Buxoro (minus 0,8 ming kishi) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 0,7 ming kishi) qayd etildi.

O‘zbekistonga doimiy yashash uchun xorijdan kelganlarning 31,8 foizi Tojikiston, 30,8 foizi Qozog‘iston, 28,5 foizi Rossiya, 2 foizi Qirg‘iziston, 1,1 foizi Turkmaniston va 5,8 foizi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistondan doimiy yashash uchun chiqib ketganlarning 47,2 foizi Qozog‘istonga, 46 foizi Rossiyaga, 1,3 foizi AQSHga, 1,2 foizi Tojikistonga, 0,8 foizi Isroilga va 3,5 foizi boshqa davlatlarga yo‘l olgan.