Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi o‘zlashtirildi. Operatsiyani o‘tkazish bepul bo‘lib, xarajatlar davlat hisobidan qoplanadi, deya xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

6 aprel kuni RSHTYOIMda Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda yangiyo‘llik 14 yoshli bemor Umidjon Abdumadjidovga 35 yoshli otasi Ilg‘or Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.

«Transplantatsiya jarrohligi — zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar AQSH, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajarilardi, xolos, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, RSHTYOIM bosh direktori Abduhakim Xadjibayev».

Amaliyot Bashkent tibbiyot universiteti rektori, Jahon transplantologlari jamiyati prezidenti Mehmet Xaberal bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Operatsiya jarayonida turkiyalik va o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Mehmet Xaberal Turkiya va Yevropaning bir qator davlatlarida transplantologiya yo‘nalishiga asos solgan professordir. Mehmet Xaberal buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘ycha 1832 ta, jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha 344 ta operatsiyaga bevosita rahbarlik qilgan. Bashkent tibbiyot universitetida jigar va buyrak transplantatsiyasidan tashqari, suyak ko‘migi, yurak transplantatsiyasi ham o‘tkazib kelinmoqda.

«Bemor Umidjon Abdumajidov surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichida edi. Buyrak o‘z ishini to‘liq bajara olmayotgani bois, qoni gamodializ apparati orqali tozalanib kelgan. Amaliyot yaxshi o‘tdi, deyolaman. Hozirgacha bo‘lgan natijalarning barchasi ijobiy. Tez kunlarda bemor va donor sog‘lom hayotga qaytadi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi», — dedi Mehmet Xaberal.

O‘tgan yildan e’tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yildan ushbu markazda mamlakat tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi yuqori natija bilan o‘tkazildi.

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari kundalik amaliyotlar qatoridan joy olgan. O‘tgan qisqa vaqt ichida qirq nafardan ortiq bemorga uning yaqinlaridan buyrak ko‘chirib o‘tkazildi. Yaqinda buyrak yetishmovchiligi bilan birga, qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekayotgan bemorda xuddi shunday amaliyot bajarildi.

Shunday murakkab amaliyotlardan yana biri Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida ham o‘tkazib kelinmoqda. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi.