Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati 7 aprel kuni Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekiston chegarachilar tomonidan otilgan o‘qdan halok bo‘lgani haqida xabar qildi.

Qirg‘iz tomonining talqiniga ko‘ra, Jalolobod viloyati Aksi tumani Kurulush qishlog‘ida istiqomat qilgan F. M. (1984 yilda tug‘ilgan) Qirg‘iziston hududida bo‘lgan va O‘zbekiston chegarachilari unga o‘q uzgan vaqtda Mamay aholi punkti tomoniga qarab harakatlanayotgan bo‘lgan. Erkak kishi olgan jarohati tufayli Kerben shifoxonasida vafot etgan.

O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, hodisa taxminan 7:30 da Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani chegaradosh Mamay qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari qirg‘izistonlik chegara buzg‘unchisini ushlash bo‘yicha choralarni ko‘rishga majbur bo‘lgan, biroq u to‘xtash talabini bajarmasdan, havoga uzilgan ogohlantiruvchi o‘qqa e’tibor qilmasdan, qo‘shni davlat hududida yashiringan.

O‘zbekiston hukumatidagi «Gazeta.uz» axborot manbasining ma’lum qilishicha, chegarani noqonuniy buzib o‘tgan erkakni Qirg‘iziston hududida mashina kutib turgan bo‘lgan. U yerda jarohatlangan shaxsni qarshi olib, shifoxonaga olib ketishgan, dedi suhbatdosh.

Hodisa joyida Qirg‘iziston chegara mas’ullari hamda ikki davlat prokuratura organlari xodimlari tergov olib bormoqda.