O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan TIV tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Ulardan birinchisi — Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi muassasalari faoliyati va tashkiliy-shtat tuzilmasining normativ-huquqiy asoslarini «iqtisodiy diplomatiya"ni rivojlantirishga urg‘u bergan holda qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishdan iborat.

Yana bir yo‘nalish — O‘zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda «ommaviy diplomatiya» vositalarini faol qo‘llash. Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan har tomonlama muloqotni qo‘llab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish belgilandi.

Ichki idoraviy rejalashtirish va nazorat qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, hisobot berish tartibi va shakllarini soddalashtirish, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish ko‘rsatib o‘tildi.

Diplomatik xizmat organlari xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi va ijtimoiy himoya qilinishini yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Tashqi ishlar vazirligituzilmasida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi Xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnikaviy ko‘mak vositalarini jalb qilish boshqarmasi, Eksport va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish boshqarmasi, Hukumatlararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Turizmni rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik boshqarmasi;
  • Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi;
  • Konsullik boshqarmasi negizida Konsullik-huquq departamenti;
  • Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi;
  • Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi va uning tarkibida Murojaatlarni qabul qilish sektori (call-center);
  • Diplomatik servis xizmati negizida Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi;
  • «Jahon» axborot agentligi negizida «Dunyo» axborot agentligi va Media-markaz;
  • Tarjimonlar byurosi;
  • Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi negizida Tahlil va prognozlashtirish markazi;
  • Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi hududiy bo‘limlari.

Xorijda stipendiantlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va o‘qishini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi TIVga bo‘ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

TIV amaliyotiga O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini doimiy asosda ishlab chiqish joriy etilmoqda.

Har yili tashqi iqtisodiy faoliyatga (mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, turistlar oqimini kengaytirish) va axborot-tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratgan holda, xorijiy mamlakatlar bilan faol va tizimli ishlash bo‘yicha O‘zbekistonning xorijdagi muassasalari yillik «yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqiladi.

«Tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari — Tashqi ishlar vazirligi — xorijdagi muassasa — TIV, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari» prinsipi asosida idoralararo kadrlar rotatsiyasi joriy etilmoqda.

Har oyda tashqi ishlar vaziri tomonidan xorijiy muassasalar rahbarlarining o‘zi ishlab turgan davlat va xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilish bo‘yicha zimmasidagi vazifalarni va tasdiqlangan «yo‘l xaritalari"ni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risidagi shaxsiy hisobotlari eshitib boriladi.

1 oktyabrga qadar O‘zbekistonning Tashki siyosiy konsepsiyasi yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda O‘zbekistonning xorijdagi muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, joylarga chiqish orqali ularni tanqidiy o‘rganish yakunlari bo‘yicha takliflar tayyorlanishi lozim.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Gap ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning zamonaviy tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda Universitet faoliyatining dolzarb vazifalari va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish haqida ketmoqda.

Manfaatdor idoralarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliyotda talab qilinadigan mutaxassislarning aniq maqsadni ko‘zlab tayyorlanishini ta’minlash, shuningdek, ular orasidan diplomatik kadrlarning istiqbolli zaxirasini shakllantirish maqsadida bakalavriatda o‘qish muddatini va bakalavriatga qabul qilish kvotalarini kamaytirish belgilandi.