Toshkentdagi Baynalmilal ko‘chasi Seul sharafiga qayta nomlanadi. U koreys uslubida rekonstruksiya qilinadi, deya xabar qildi poytaxt hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Tillayev «Gazeta.uz"ga.

"Janubiy koreyalik mutaxassislar Beshyog‘och ko‘chasidan Oqtepa chorrahasiga bo‘lgan kesmadagi Seul ko‘chasini loyihalashtirish va dizaynini yaratishda shahar arxitektura xizmati bilan hamkorlik qiladi", — dedi Alisher Tillayev.

Fevralda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan Baynalmilal ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha eskiz takliflari. Foto: prezident matbuot xizmati.

Loyihada Oqtepa anhori sohilida saylgoh, shaharliklar dam olishi uchun ayvonchalar, kafe, restoran va boshqa ob’ektlar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihani o‘zbek tomoni ishlab chiqmoqda, biroq u janubiy koreyalik ekspertlar tomonidan tasdiqlanadi. «Biz darvozalar, ayvonchalar va boshqa ob’ektlar koreys uslubida bo‘lishi uchun ularning aslida koreyscha dizaynda ekanini tasdiqlashimiz kerak. Agarda qaysidir belgi, harfda xato qilinsa, u koreys emas, boshqa uslub bo‘lib qoladi», — deydi Seul ma’muriyati vakili Kim Day Song «Gazeta.uz"ga.

Kim Day Song O‘zbekistonga Toshkent hokimiyati taklifi bo‘yicha kelgan. U Mo‘g‘iliston, Misr, Fransiya, Germaniya, O‘zbekiston va boshqa davlatlardagi Seul bog‘larini loyihalashtirishda qatnashgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev noyabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifida ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik ramzi sifatida Toshkentdagi ko‘chalardan birini Seul nomi bilan atashni taklif qilgan edi. 2014 yilning kuzida esa O‘zbekiston poytaxtida Seul bog‘i ochilgan edi.