Haydovchilik guvohnomalari tuman va shaharlardagi O‘zbekiston prezidenti xalq qabulxonalari qoshidagi davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu vazifani topshirdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

2021 yilga qadar mamlakatda 5 million donadan ortiq haydovchilik guvohnomalari yangilanishi kerak. Biroq viloyatlarda ularni topshirish bilan 3−5, mamlakat bo‘yicha esa 49 bo‘linma shug‘ullanmoqda.

Davlat xizmatlari markazlari soni 201 tani tashkil etadi. Ularning har birida haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirish uchun yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari xodimlari biriktiriladi, deyiladi ko‘rsatuvda.

Davlat xizmatlari markazlari 1 yanvardan avval faqatgina tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatgan «Yagona darcha» markazlari bazasida tashkil etildi. 1 aprelga qadar markazda 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda ular soni yana 13 taga oshdi.

Davlat xizmatlari yagona reyestriga 444 turdagi davlat xizmati kiritilgan. Yil oxiriga qadar davlat xizmatlari markazlari jami 87 turdagi, keyingi yil oxirigacha esa 160 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatadi. Prezident qisqa muddatda davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini oshirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashni topshirdi.