Rossiyaning «Gruppa GAZ» kompaniyasi siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi past polli LiAz-5292 yo‘lovchi avtobusini sinovdan o‘tkazish uchun Toshkentga yetkazib berdi.

Mashina taqdimoti 3-avtobus saroyida bo‘lib o‘tdi. Avtobus 85-yo‘nalishda (Qoraqamish 2/4 — MUM) harakatlanadi, deya xabar qildi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi «Gazeta.uz"ga.

Sinov ishlari poytaxt avtobuslar parkini yangilash dasturi doirasida amalga oshirilib, dasturga ko‘ra, endilikda faqat past polli va konditsionerli avtobuslar xarid qilinadi. «Toshshahartransxizmat» dastlab o‘rtacha sig‘imli, so‘ngra bosqichma-bosqich katta sinfga mansub avtobuslar sonini oshirishni rejalashtirmoqda.

Yaqinda poytaxtda ikkita o‘rta va katta sig‘imli «MAZ» Belarus avtobuslari sinovdan o‘tkazilgan edi, yaqin orada Xitoy kompaniyasi ham avtobuslar yetkazib berishi kutilmoqda.

LiAZ-5292 avtobusi katta sig‘imli turga mansub bo‘lib, taqdim etilgan modelda o‘tirish uchun 30 ta va turib ketish uchun 80 ta joy mavjud. Solishtirish uchun — Toshkentda harakatlanayotgan Mercedes-Benz avtobuslarida — 26 ta o‘rindiq va 79 ta turib ketish uchun, MAN avtobusida — 30 va 60 ta joy mavjud.

Bazaviy komplektatsiyada konditsioner, ko‘tarma apparelli kuzov nishablik tizimi (kneeling) va o‘t o‘chirish tizimi o‘rin olgan. Videokuzatuv tizimlarini birlashtiruvchi (11 tagacha tashqi va ichki kameralar) intellektual-kommunikatsion tizim, yo‘l kirani to‘lash uskunasi, salon peshlavhasi va ekranlarni o‘rnatish mumkin.

Avtobus oynalari qoraytirilgan bo‘lib, salonda nogironlar aravachasi uchun joy ajratilgan. Har bir qatorda ikkitadan o‘rindiq mavjud. Haydovchi bo‘lmasi yopiluvchi eshik bilan salondan ajratilgan, biroq kompanovka buyurtmachi istagiga qarab o‘zgartirilishi mumkin.

Toshkent uchun LiAZ avtobuslarining sotib olinishi sinovlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi. «Gruppa GAZ» dileri «Sharqiy logistika kompaniyasi» rahbari Sergey Ivanovning «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, shu kabi 10 dona avtobusni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.