4 aprel kuni 12:40 da Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida sakkiz kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar qildi.

1990 yilda tug‘ilgan Asilbek Mamadiyev boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashinani «Jizzax-Gagarin» yo‘lining 49-kilometrida haydab ketayotib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan 1992 yilda tug‘ilgan Savron Yorqulov boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatida ikkala avtomashina to‘liq yonib ketgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi mashina haydovchisi (Jizzax shahrida istiqomat qilgan) va uning yo‘lovchilari — Jizzax shahrida istiqomat qilgan 1985 yilda tug‘ilgan Jamshid Axrorov, Do‘stlik tumanida istiqomat qilgan 1974 yilda tug‘ilgan Ravshan Otaboyev hayotdan ko‘z yumgan.

Shuningdek ikkinchi avtomashina haydovchisi va uning yo‘lovchilari — Luqmon Alibekov (Paxtakor tumani, 1972 yilda tug‘ilgan), Nigora Qurbonova (Zafarobod tumani, 1998), Orzigul Abdullayeva (Arnasoy tumani, 1997), Feruz Shermatov (Jizzax shahri, 1986) voqea joyida halok bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘lganlarning shaxsiga taalluqli boshqa ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.

Qayd etish joizki, shaharlararo trassalarda muntazam ravishda avtomashinalarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish ketishi oqibatida YTHlar sodir bo‘lib turadi.

24 mart kuni Surxondaryo viloyatida 10 nafar yo‘lovchi bilan ketayotgan Damas avtomobili «KAMA»" yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan, oqibatda 2 kishi, jumladan bir bola hayotdan ko‘z yumib, 9 kishi jarohat olgan edi.

23 mart kuni «Navoiy-Nurota» avtomobil yo‘lida Captiva va Matiz to‘qnashuvi oqibatida 2 kishi vafot etgan, 5 kishi tan jarohatlari olgan.

21 mart kuni Toshkent viloyatida Lacetti va Damas to‘qnashuvi oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 7 kishi jarohatlangan edi.