Barcha Ronalduning golidan hali-hamon o‘ziga kelmay turgan bir paytda bizni bu tun ikki murosasiz bahs kutib turibdi: Kamp-Nou stadionida kataloniyaliklarning Rim garnizoni bilan jangi kechsa, Enfildda haqiqiy inglizcha rok-n-roll battl bo‘lib o‘tadi.

Barselona (Barselona, Ispaniya) — Roma (Rim, Italiya) | “Kamp-Nou” stadioni, Barselona | 23:45 — UzReport kanalida

“Mes que un club"ga ortiqcha ta’rif berishga hojat yo‘q. Guruhdan ortiqcha qiyinchiliksiz chiqqan ko‘k-anor ranglilar yo‘lida uchragan raqibni tor-mor keltira olishini Yevropaning barcha klublari juda yaxshi biladi. Barselona La-liga va Yevrokuboklardagi so‘nggi 17 o‘yindan buyon mag‘lub bo‘lmay kelayapti.

Statistika bo‘yicha o‘zaro 4 o‘yinda tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgan: bittadan g‘alaba va ikki bor durang, biroq so‘nggi marta YeCHL doirasida bundan ikki yil muqaddam Barselona o‘z uyida Romani 6−1 hisobida mag‘lub etgan. Roma esa uzoq 2002-yilda “Olimpiko"da hech qanday imkon qoldirmagan: 3−0.

Bosh murabbiy Ernesto Valverde raqib jamoaning guruhdagi o‘rta darajali jamoalar va pley-offda Donetskning Shaxtyori to‘sig‘idan mashaqqat bilan o‘tib kelganiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda: “Roma futbolchilari himoyada ancha inshonchli o‘yin namoyish qiladilar va hujumda ham yaxshi imkoniyatga egalar. Bu YeCHL chorak finali, bu yerda oson bo‘lmaydi. Menga bizning birinchi o‘yindayoq hammasini hal qilib qo‘yishimiz mumkinligi haqida gapirishayotgani yoqmayapti. Men umid qilamanki, muxlislarimiz bizni Chelsi bilan o‘yinda bo‘lgani kabi qo‘llab-quvvatlab turadilar”.


Foto: standard.co.uk

Barselona Chelsini osonlikcha mag‘lub eta olgani yo‘q. La-Ligada Sevilya bilan o‘tgan o‘yinda ham Lionel Messisiz katalonyaliklarning holi tang edi. Roma bosh murabbiyi Eusebio De Franchesko Barselonadek jamoaga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi: italyan futboli an’analariga xos qamal uslubida hujum uchun ochiq joy qoldirilmasa bas — Olimpiko stadionida, o‘z uyingda moziy devorlari-da yordam beradi. “Bo‘rilar” Kamp-Noudan talafotsiz chiqib keta olishsa bas. Senturion saflarida Raja Naingolanning maydonga tushishi gumon ostida bo‘lsa, Stefan El-Shaaravi, Aleksandr Kolarov, Edin Djeko va Kostas Manolaslar o‘yinga shay.

Liverpul (Liverpul, Angliya) — Manchester Siti (Manchester, Angliya) | Enfild stadioni, Liverpul | 23:45 — FutbolTV kanalida

You’ll never walk alone. Darhaqiqat, Liverpul jamoasi YeCHLda yolg‘iz yurgani yo‘q. Axir chorak finaldagi raqib — Manchester Siti. Har ikki jamoaning tarkibida kuchli va iqtidorli futbolchilar talaygina. Murabbiylarning saviyasi va tajribasi bir-biriga munosib. Kecha o‘tgan o‘yinlarda Real Madrid yaqqol ustunlikda g‘alaba qozongan, Bavariyaning Sevilya ustidan g‘alaba qozonishini, bugun esa Barselona-Roma bahsida kim g‘olib bo‘lishini sezilarli ustunlik bilan taxmin qilganlar talaygina.

Biroq bu juftlik jamoalarining har jihatdan kuchlari teng. Bir ligada to‘p suradigan ikki ingliz jamoasining o‘yini uslubi ham bir-biriga yod bo‘lib ketgan. Gapning indallosini aytganda, APLdagi chempionlik bahsidan chiqqan Liverpul endi omadini Kiyev tomon yo‘lda sinab ko‘radi. Yurgen Klopp qo‘l ostidagi jamoa Enfildda so‘nggi marta shaharliklarni ne ko‘yga solganini futbol muxlislari yaxshi biladi.


Foto: thesun.co.uk

Pep Gvardiolaning UEFA saytiga bergan intervyusidan ma’lumki, u shogirdlari butun mavsum davomida ko‘rsatib kelgan barqaror o‘yinini YeCHL chorak finalida ham namoyish qilsa, keyingi bosqich tomon ildamlashiga ishonadi.

Ma’lumot uchun, Liverpul va Manchester Siti klublari YeCHLda bir marta ham to‘qnash kelishmagan. APLdagi ustunlik esa qizillar tomonida: 87 g‘alaba, 45 mag‘lubiyat va 46 marta ikki ingliz klubi murosa yo‘lidan ketishgan.

Liverpul tomondan Muhammad Saloh — Firmino — Mane uchligi raqiblari e’tibori markazida bo‘lsa, Jezus — Kevin De Bryoyne — Sterling uchligi Klopp ko‘zoynaklari qarshisidan ketmayotgani aniq. Murosasiz o‘yinda kimning qo‘li baland kelishini bugun tunda tomosha qilamiz.