Yandeks.Taksi xizmati O‘zbekiston yo‘lovchi tashish bozoriga rasman kirib keldi va 4 apreldan boshlab Toshkentda faoliyatini boshladi. O‘zbekiston ushbu xizmat ishga tushirilgan to‘qqizinchi mamlakatga aylandi.

Taksiga buyurtma berish uchun faqat mobil ilovani ochish va borish kerak bo‘lgan joyni ko‘rsatish kifoya. Dispetcherga qo‘ng‘iroq qilish va aniq manzilni aytishning keragi yo‘q. Xizmatning o‘zi foydalanuvchi qayerdaligini aniqlaydi va o‘sha yerga mashinani jo‘natadi. Yandeks.Taksi algoritmlari yo‘llardagi masofa va tirbandliklarni hisobga oladi hamda foydalanuvchining oldiga eng tez yetib keladigan haydovchini topadi.

«Buyurtmalarni taqsimlashning „aqlli“ tizimi tufayli Yandeks.Taksi safar xarajatlarini kamaytiradi. Xarajatlarning katta qismi mashinaning yo‘lovchisiz turishi, keyingi mijozni topish va bo‘sh yurishdan iborat. Yandex.Taxi algoritmlari ushbu xarajatlarni kamaytiradi. Safar foydalanuvchilar uchun arzonlashadi va haydovchilar ko‘proq pul topishadi», — deydi Yandeks.Taksining xalqaro rivojlanish bo‘yicha direktori Musheg Saakyan.

Safarning narxi quyidagicha hisoblanadi: minish va birinchi uch kilometriga ikki ming so‘m sarflanadi. Shahar ichida kilometriga ming so‘m, shahar tashqarisida bir yarim ming so‘m. Amir Temur xiyobonidan Samarqand Darvoza savdo markaziga borish narxi besh ming so‘mni tashkil etadi. Toshkent davlat yuridik universitetidan Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘gacha — to‘rt ming so‘m.

Hozircha foydalanuvchilar pulni naqd pulda to‘lashadi. Yandeks.Taksi to‘lovni bank kartasi bilan amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Raqamni har safar qayta kiritmaslik uchun uni akkauntga ulab qo‘yish mumkin.

Safar oxirida foydalanuvchi safarga baho beradi. Baho haydovchining reytingiga ta’sir ko‘rsatadi. Agar haydovchi ko‘p marotaba salbiy baholansa — tizim uning akkauntini bloklab qo‘yadi.

Dastur 24 soatlik onlayn qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ega. Agar yo‘lovchining safardan ko‘ngli to‘lmasa, mashina ichida buyumlarini unutib qoldirsa yoki savol berishni xohlasa — u ilovaga yozishi mumkin va unga yordam ko‘rsatiladi.

Yandeks.Taksi haydovchilar bilan bevosita ishlamaydi. U taksoparklar va dispetcherlik xizmatlari bilan hamkorlik qiladi. Toshkentda o‘nlab Yandeks.Taksi hamkor-taksoparklaridan 200 tadan ortiq avtomobillar xizmatga ulangan.

«O‘zbekiston rahbariyati investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida faol ish olib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq „Ravon Avto Biznes“ MCHJ mamlakatimiz fuqarolari uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, biz bir necha oy davomida eng yirik onlayn xizmatlarni ishlab chiqaruvchi Yandex kompaniyasini bozorimizga jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib bordik va natijada Yandex.Taksining O‘zbekistondagi bosh hamkoriga aylandik. Bizning maqsadimiz — zamonaviy texnologiyalar yordamida taksi xizmatlaridan foydalanishning maksimal qulayligi va xavfsizligini dastlab Toshkent shahri aholisi va keyinroq butun mamlakat bo‘ylab ta’minlashdir. Yandeks.Taksi sayyohlarga yaxshi ma’lum — bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, Respublikaga keladigan sayyohlarning 70 foizga yaqini xizmatdan allaqachon foydalangan», — deydi «Ravon Avto Biznes» MCHJ direktori o‘rinbosari Babur Tursunovich Mamatov.

Yandeks.Taksi ilovasi bepul. Uni iOS va Android uchun yuklab olish mumkin.