1 aprel kuni Mening Yurtim (MY5) telekanalida yoshlarning jamoat joylarida o‘zini tutishiga bag‘ishlangan «Yashirin kamera» ko‘rsatuvi efirga uzatildi. Ko‘rsatuvdan olingan parcha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda telejurnalistlar jamoat joylarida quchoqlashib, o‘pishayotgan yosh juftliklarni namoyish etgan.

Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i v. B. Shahnoza Yakubdjanova jurnalistlarning harakatlariga baho berib, qonunchilik talablariga rioya qilish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Inson huquqlari umumjahon декларациясининг 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur norma O‘zbekiston qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinligi va daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga oid axborotlarning tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasida ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarni shaxsiy hayotiga aralashishi taqiqlanishi belgilangan.

Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart. Jurnalist axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas. Bu «Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasida keltirib o‘tilgan.

Nodavlat telekanallarning Xartiyasida jurnalistning kasbiy burchini bajarishda insonlarning axloqiy, jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlarni uzatishda belgilangan me’yorlar va kasbiy etikani inobatga olishi lozim.

«So‘zsiz, o‘sib kelayotgan avlod kelajagi uchun, ularni boy tarixiy-ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhim. Shu bilan birga, odob-axloq qoidalari jamiyatda fuqarolarning dunyoqarashi, e’tiqodi, shaxsiy fazilatlari va boshqa omillardan kelib chiqib shakllanadi. Adliya vazirligi tarbiya muhimligini, lekin bu inson huquqlarining uzilishi hisobiga erishilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etadi», — deyiladi Shahnoza Yakubdjanova bayonotida.

Telekanal kadrlarida ko‘rsatilgan yoshlar xulq-atvorida amaldagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari mavjud emas va bunda OAV vakillari harakati ularning yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligidan dalolat beradi, deya qad etdi u.

Adliya vazirligi OAV vakillariga fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilish, inson huquqlari oliy qadriyat ekanini inobatga olishga chaqirdi.

Adliya vazirligi kelgusi ko‘rsatuvlarni tayyorlashda qonunchilik talablariga rioya etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

«Gazeta.uz» o‘tgan yili xuddi shunga o‘xshash holat haqida yozgan edi. O‘shanda milliy kanalda efirga uzatilgan «Muloqot vaqti» ko‘rsatuvida istirohat bog‘larida quchoqlashib, o‘pishib o‘tirgan yoshlarga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlarining harakatsizligi tanqid ostiga olingan.

O‘sha vaqtda Toshkent IIBB boshlig‘i lavozimini egallab turgan Bahodir Qurbonov O‘zbekiston qonunchiligi bu kabi harakatlarni taqiqlamasligini ma’lum qilgan. «Biz dunyoviy davlat va demokratik jamiyat qurmoqdamiz, — dedi u. — Kelgusida oila qurib, birga yashashi, mehnat qilishi, jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan sevishganlarga ruhiy jarohat yetkazsak, militsiya xodimlariga qanday munosabatda bo‘lishadi? Militsiya xodimiga nisbatan qanday munosabatlarni shakllantirgan bo‘lamiz?» — degan edi Bahodir Qurbonov.