O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat chorshanba kuni «Xalq so‘zi» gazetasida chop etildi. Qonun mart oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tasdig‘idan o‘tgan edi.

Konvensiya o‘tgan yilning iyun oyida Ostonada SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan edi.

O‘zbekistonda konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati, IIV va Bosh prokuratura vakolatli organ etib belgilandi.

«Konvensiya qoidalarining O‘zbekiston Respublikasida jinoiy jazo sifatida yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini musodara qilishni qo‘llash mumkinligiga taalluqli qismi milliy qonunchilikka mos kelmaganligi uchun qo‘llanilmaydi», — deyiladi qonunda.