O‘zbekiston va Afg‘oniston IT-sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston AKT vazirligi hamda Afg‘oniston Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vazirligi strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Afg‘oniston Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vazirligi 2 aprel kuni Toshkentda strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat ostiga O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev va Afg‘oniston kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzad Gul Aryobiy imzo qo‘ydi.

AKT vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar berishlaricha, memorandumdan ko‘zlangan maqsad — telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmati sohalaridagi tajriba almashuv va hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Vazirlar yuqori tezlikka ega aloqa tranzit kanallarini yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat aloqa operatorlari o‘rtasida xalqaro telefon trafigi hajmining oshirilishi, yuqori tezlikda internetga ulanish, kadrlar tayyorlash va boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni rivojlantirishga doir masalalarni ham ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyoga pochta tranziti to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

«Memorandum doirasida afg‘on talabalarining bizning universitetlarda — Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti va Toshkentdagi Inha universitetida ta’lim olishi masalasi ham ko‘rib chiqiladi», — deya ta’kidlaydi Azim Ahmadxo‘jayev.

Bundan tashqari, «O‘zbektelekom» va Afghan Telecom Corporation kompaniyalari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar xalqaro aloqa xizmatlari ta’minlanishida mamlakatlarning ehtiyojlari tahlilini o‘tkazishni mo‘ljallashmoqda.