Toshkentdagi Janubiy vokzal kapital rekonstruksiyadan so‘ng 4 aprel kuni o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. Janubiy vokzal binosi 1963 yilda qurilgan bo‘lib, so‘nggi marta 1985 yilda rekonstruksiya qilingan edi.Vokzalning umumiy maydoni 9,2 gektar bo‘lib, 650 metrli uchta perronga ega. Vokzal kuniga 20 ming yo‘lovchiga xizmat qilish imkoniyatiga ega.

Vokzal boshlig‘i Shuhrat Fozilovning ma’lum qilishicha, bu yerdan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha poyezdlar kutib olinadi va jo‘natiladi:

  • Toshkent-Urganch
  • Toshkent-Buxoro
  • Toshkent-Andijon
  • Toshkent-Qo‘ng‘irot
  • Toshkent-Termiz
  • Toshkent-Sariosiyo
  • Andijon-Buxoro
  • Andijon-Urganch
  • Andijon-Termiz
  • Toshkent-Buxoro («Sharq»)
  • Toshkent-Termiz («Nasaf»)
  • Toshkent-Andijon («O'zbekiston»).

Janubiy vokzaldan Toshkent-Xojikent, Toshkent-Xovos, Toshkent-Bekobod, Toshkent-Sirdaryo, Toshkent-Guliston yo‘nalishlari bo‘yicha ham shaharlararo yo‘lovchi poyezdlari yo‘lga otlanadi.

Vokzal binosida kutish zali, VIP-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, dam olish xonalari, bufet, harakatlanuvchi savdo kioskalari mavjud, Wi-Fi orqali internetga ulanish mumkin.