O‘zbekiston prezidenti 2 aprel kuni ikkita — Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaralar tutashgan hudud hamda Afg‘oniston bilan huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qildi. Ratifikatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan.

Uch davlat chegaralari tutashgan nuqtalar hududi to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari tomonidan 2017 yilning 10 noyabrida Samarqand shahrida o‘tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada imzolangan edi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, «shartnoma uch chegaradosh davlatning o‘zaro hurmat, suveren tenglik va hududiy yaxlitligini kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratadi».

O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining 2017 yil 5 dekabrda O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida imzolangan edi.

Senat matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma «ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy qismi hisoblanadi va o‘zaro munosabatlar rivoji uchun qo‘yilajak qadamlar barqarorligini ta’minlaydi». Hujjat, xususan, ikki mamlakat fuqarolariga huquqiy himoyadan tenghuquqli foydalanish imkoniyatini beradi.