Bugun tunda YeCHLning ilk chorak final juftliklari maydonga tushadi.

“Yuventus” (Turin, Italiya) — “Real Madrid” (Madrid, Ispaniya) | “Yuventus” stadioni, Turin | 23:45 — UzReport kanalida


Foto: insider.in

Bugun Turindagi “Yuventus” stadionida A-seriya peshqadami biankonerilar La-Liganing uchinchi pog‘onasida borayotgan amaldagi YeCHL chempioni Real Madrid jamoasini qabul qiladi. O‘zaro 20 marotaba to‘qnash kelgan ikki grand jamoa o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin Kardiffda o‘tgan va YeCHL finali 4:1 hisobida madridliklar foydasiga hal bo‘lgandi.

Jamoalar qarama-qarshiligida har ikki tomonda 9 tadan g‘alaba-mag‘lubiyat bor va ikki durang qayd etilgan. Italiyada kechadigan chorak final o‘yiniga Zinedin Zidan shogirdlari Pari Sen-Jermen klubini mag‘lub etib chiqqan bo‘lsalar, Massimiliano Allegri jamoasi “Los-Blankos"ning guruhdoshlari Tottenhemdan ustun kelishgan.

Turinliklar mezbon bo‘lgan o‘yinlarda madridliklardan faqatgina bir bora — olis o‘tmishda (1962-yil) 0−1 hisobida mag‘lub bo‘lishgan. Yana bir e’tiborga molik jihat shuki, “Keksa sinora” 5 yildan buyon yevrokuboklarda o‘z maydonida mag‘lub bo‘lmay kelmoqda. Bu an’ananing buzilishi yoki o‘zgarmay qolishi har ikki jamoa tarkibidagi eski tanishlar — murabbiy, futbolchilarning holati, tanlagan taktik rejalariga bog‘liq.

Yuventus bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Kardiffdagi final o‘yinini qayta-qayta tomosha qilgani, undan kerakli xulosalar chiqargani va italyan jamoasining muxlislariga g‘alabali onlar tortiq qila olishini UEFA saytiga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgan. U bugungi o‘yinda Markizio va Bentankur tandemining yarim himoyada, Rugani va Barzalyining himoyada, Paulo Dibalaning hujumda ko‘rsatadigan ajoyib performansidan umidvor.

Madridistalar esa Real Madrid tarkibida doimgidek Krishtianu Ronalduning hujumkor o‘yini (Ronaldu so‘nggi 5 o‘yinda Buffon darvozasiga 7 marta yo‘l topgan, biroq jarohati bor Krishtianu Ronalduning maydonga tushishi ba’zi manbalarga ko‘ra so‘roq ostida), jamoaning tezkor qarshi hujumi va himoya, yarim himoya chizig‘idagi ishonchli va barqaror o‘yin bilan jamoaning Turindan g‘alaba bilan qaytishini kutmoqdalar.

Bukmekerlarga ko‘ra, kichik ustunlik Madrid tomonida, biroq shu o‘rinda mashhur futbol iqtibosi yodga keladi: “Maydon tekis, to‘p esa yumaloq”.

“Sevilya” (Sevilya, Ispaniya) — “Bavariya” (Myunxen, Germaniya) | Ramon Sanches Pisxuan stadioni, Sevilya | 23:45 — FutbolTV kanalida


Foto: highlightsreplay.com.

Sevilya va Bavariya klublarining Yevropa Chempionlar Ligasi kubogi tomon yo‘li o‘zaro ilk marotaba kesishayapti. Yupp Haynkesning yengil so‘qmoqdan sayr qilib kelgan Bavariyasi chorak final oldidan Beshiktosh darvozasiga ikkita o‘yinda 8ta, Bundesligadagi asosiy raqibi Dortmundning Borussiya klubi darvozasiga esa 6ta golni joylab qo‘ygan. Nemis klubi futbolchilarining kayfiyati ham, jismoniy holati ham birmuncha yaxshi. Levandovskiysi, uning ortida esa bir necha yillardan buyon bir-birini bir harakatidan tushunib kelayotgan kuchli pleymeyker va himoyachilari bor “Gollivud” FK osonlikcha Sevilyani taslim qilishi mumkin. Agarda…

Italiyalik murabbiy myunxenliklarning so‘nggi o‘yinlarini, ko‘pni ko‘rgan Haynkesning uslubini izchil o‘rganib chiqqan, shogirdlariga kerakli tavsiyalarni bermagan bo‘lsa. Vinchenso Montella qo‘li ostidagi qizil-oqlar La-Ligadagi Barselona bilan durang qayd etilgan bahsda ancha ter to‘kishdi. Blaugranlarni mag‘lub etishiga bir bahya qolgan Sevilya jamoasi shu o‘yindan o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirib olishdi. Yillar davomida Yevropa Ligasida yurgan Sevilya grand klublar qatoridan barqaror joy olish va eng asosiysi, jamoaviy ruhni ko‘rsatgan holda finalga qadar borishni niyat qilgani aniq. Montella dortmundliklar ko‘rsatgan ochiq o‘yinni takrorlamaslik kerakligini juda yaxshi biladi.

Afsonaviy italyancha himoya taktikasi nemis hujumiga dosh bera oladimi? Nikolas Parexaning o‘z jamoadoshlarini g‘alaba tomon boshlab borish, ruhlantirishga matonati dosh beradimi? Bukmekerlarning taxminlariga ko‘ra yaqqol ustunlik Myunxenning Bavariyasida.

Myunxenliklar Shvabing-Fraymann tumanidagi maydonga g‘alaba ham mayli, bir gol farqi bilan mag‘lub bo‘lib qaytishgan taqdirida ham sevilyaliklarni oldinda Alyans-Arenadagi nemischa pivoxo‘rlik kutib turgani amri mahol.